ZIANGIROV MUHAMED SULTANGIROVICH
yefreytor, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (19.03.1944)

1923-yilda Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida tug‘ilgan. Tatar. Boshlang‘ich maktabni tamomlab, jamoa xo‘jaligida ishlagan. 1942-yilda Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan va Ikkinchi jahon urushida qatnashgan. 1943-yil sentabr oyida Janubi-g‘arbiy frontning 6-armiyasi 198-alohida to‘siq otryadining o‘qchisi bo‘lgan. Dneprdagi janglarda jonbozlik ko‘rsatgan.
1943-yil 26-sentabrda Ukraina SSR Dnepropetrovsk viloyati Solonyansk tumani Voyskovoye qishlog‘i yaqinida Dneprni kechib o‘tishda dushman snaryadi pontonni portlatib yuboradi. O‘z hayotini xavfga qo‘yib safdoshini qutqarib suvdan olib chiqadi. Dneprning g‘arbiy sohilida platsdarmni egallab olishda faol ishtirok etadi, bir necha bor razvedkaga borib, dushman haqida muhim ma’lumotlarga ega bo‘ladi. 27-28 sentabr kunlari, nemislarning qarshi hujumlarini qaytaradi, quroldoshlariga o‘rnak bo‘lgan holda, hujumga chorlaydi, boshidan yaralanganiga qaramay, batal’on tibbiyot punktiga borishdan bosh tortib jang qilishda davom etadi. 1943-yil 30-sentabrda jangda halok bo‘ladi va Birodarlik qabristoniga dafn etilgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yil 19-martdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, yefreytor Muhamed Sultangirovich Ziangirov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"1-DARAJALI VATAN URUSHI" ORDENI