VOLKOV ALEKSANDR IVANOVICH
leytenant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (24.03.1945)
1917-yil Nau stansiyasida (hozirda shahar tipidagi Spitamen tumani Sog‘d viloyati Tojikiston Respublikasi) ishchilar oilasida tug‘ilgan. Rus.
Qizil Armiya safiga 1938-yil O‘zbekiston SSR Andijon tumani harbiy komissarligi tomonidan chaqirilgan. Tankchilar bilim yurtini tugatgan. 1944-yil 17-avgustdan Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi. 1-Pribaltika frontida jang qilgan, Latviya hududidagi Rijsk hujum operatsiyasida jonbozlik ko‘rsatgan.
1944-yil 18-sentabrda Volkov Latviya SSRning Dobele shahri hududidagi janglarda, dushmanning 7 ta tank va «Ferdinand» og‘ir shturm orudiyasi bilan bo‘lgan hujumini qaytarishda, birinchi snaryad bilan nemis tankini, keyingi ikkitasi bilan «Ferdinand» og‘ir shturm orudiyasini va yana 1 ta tankni yakson qiladi. Jang davomida A.I.Volkov tankiga snaryad tegadi va yonib ketadi. O‘qlovchi va aloqachi-pulemyotchi halok bo‘ladi.
Tank komandiri A.I.Volkov, orudiya komandiri yaralanganligiga qaramay jangni davom ettirib, dushmanning yana bir tankini yakson qiladi. Orudiya komandiri V.F.Velichko halok bo‘ladi. A.I.Volkov mexanik-haydovchi P.X.Basenkov bilan yonib turgan tankdan chiqishga ulguradilar. 1944-yil 19-sentabr kunida olgan jarohati va tanasining 3-darajali kuyish natijasida A.I.Volkov gospitalda vafot etadi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 24-martdagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, Volkov Aleksandr Ivanovich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan (vafotidan so‘ng).