VASILYEV DMITRIY PAVLOVICH

  gvardiya kapitani, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (25.08.1944)

    1904-yilning 26-oktabrida Obruchyovka qishlog‘ida (hozirgi Chelyabinsk viloyatining Kizil tumanida) dehqon oilasida tug‘ilgan. Boshlang‘ich maktabni tamomlagan. 1927-1932-yillarda Qizil Armiya safida xizmat qilgan. Zaxiraga bo‘shatilganidan so‘ng, Vasilyev Samarqand viloyati OSOAVIAXIMning Paxtakor tuman kengashi raisi bo‘lib faoliyat yuritgan.

   1941-yilda u takroran armiyaga chaqirilgan. O‘sha yilning dekabr oyidan Ikkinchi jahon urushi frontida xizmatni o‘tagan. U Bryansk, Voronej, G‘arbiy va 1-Ukraina frontlaridagi janglarda ishtirok etgan.

   1944-yilning boshida Vasilyev 1-Ukraina fronti 13-armiyasining 6-gvardiya otliq korpusi 13-gvardiya otliq diviziyasi 50-gvardiya otliq polkining eskadroniga komandirlik qilgan. Ukraina SSR Volin viloyatini ozod qilish paytida jonbozlik ko‘rsatgan.

  1944-yilning 31-yanvarida Vasilyevning eskadroni Kiversov tumanining Suman qishlog‘i uchun olib borilgan jangda dushman bolinmalarini chekinishga majbur etib, Suman daryosidan o‘tuvchi ko‘prikni va qishloqni egallab olishga muvaffaq bo‘ldi. Nemis qo‘shinlari otliq askarlarni asosiy kuchlardan to‘sib qarshi hujumga o‘tish usulini qo‘lladi. 18 soat davomida ular qurshovda jang qilishdi va dushmanning 18 qarshi hujumini qaytarishdi. Ushbu janglarda eskadron 400 dan ortiq dushman askarlari va ofitserlarini, 5 ta o‘q-dorilar ortilgan mashinalarni, 4 ta dzotini yo‘q qildi. Janglarda Vasilyev ikki marotaba yaralangan bo‘lsada, jang maydonini tark etmadi, o‘z bo‘linmalarini boshqarishda davom etdi va shaxsan 50 ga yaqin nemis askar va ofitserilarini yakson qilgan. Jangchilarni hujumga chorlagan Vasilyev dushman qurshovini yorib o‘tishga hissa qo‘shgan. Ushbu jangda Vasilyev halok bo‘ldi. U Manevichsk tumani Kolka qishlog‘idagi Birodarlik qabristoniga dafn etilgan.

  SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yilning 25-avgustdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorat va qahramonligi uchun” kapitan Dmitriy Pavlovich Vasilyev vafotidan so‘ng “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"1-DARAJALI VATAN URUSHI" ORDENI

"2-DARAJALI VATAN URUSHI" ORDENI

"QIZIL YULDUZ" ORDENI