USMONOV ISLOM
kichik serjant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (22.02.1944)

1922-yilda Sirdaryo viloyati Qatortol qishlog‘ida tug‘ilgan. Maktabning 4-sinfini tugatgandan so‘ng jamoa xo‘jaligida ishlagan. 1942-yilda Qizil Armiya safiga chaqirilgan. O‘sha yilning mart oyidan Ikkinchi jahon urushida qatnashgan.
1943-yil noyabrga qadar 3-Ukraina fronti 6-armiyasi 333-o‘qchi diviziyasi 1118-o‘qchi polkida bo‘linma komandiri bo‘lgan. Dneprdagi jangda jonbozlik ko‘rsatgan. 1943-yil 25 dan 26-noyabrga o‘tar kechasi Usmonovning bo‘linmasi Ukraina SSRning Zapor viloyati Zapor tumani Kanevsk qishlog‘idan Dnepr daryosini kechib o‘tadi va uning g‘arbiy sohilidagi platsdarmni qo‘lga kiritishda va qo‘ldan boy bermaslik janglarida faol qatnashadi. O‘sha janglarda Usmonov dushmanning pulemyot xisobini, 8 ta nemis askarini shaxsan yo‘q qiladi va unter-ofitserni asirga oladi. Kanevskdagi janglarda dushmanning o‘q otish nuqtasiga granata tashlaydi va safdoshlarini hujumga chorlaydi. Keyingi kechada uning boshchiligidagi bo‘linma nemislarning beshta qarshi hujumlarini qaytarishga muvaffaq bo‘ladi. Usmonovning o‘zi 15 ta dushman askari va ofitserini yo‘q qiladi. 1944-yil 13-yanvarda jangda halok bo‘ladi. Zaporojda dafn etilgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944 yil 22-fevraldagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, kichik serjant Usmonov Islom vafotidan so‘ng Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI