UMERKIN ABDULXAK SAGITOVICH

kichik leytenant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (20.06.1942)

    1917-yil 18-yanvarda (hozirgi Ulyanovsk viloyati Barish tumani) Starotimoshkino qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Tatar. 1940-yilda O‘zbekiston davlat universitetini tamomlagan. Qoraqalpog‘istonning Chimboy shahridagi o‘qituvchilar malakasini oshirish bilim yurtida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan.
    1940-yildan Qizil Armiya safida xizmat qilgan. 1941-yil iyundan Ikkinchi jahon urushida qatnashgan. 134-gaubitsalik artilleriya polkining batareya komandiri (Shimoliy Kavkaz fronti Primorsk armiyasi 172-o‘qchilar diviziyasi) kichik leytenant Abdulxak Umerkin, 1942-yil may oyida Sevastopol shahri uchun bo‘lgan janglarda jonbozlik ko‘rsatadi.
    Uning artilleriya batareyasi Kamishli qishlog‘i yaqinida o‘t ochish pozitsiyasini egallaydi va dushmanning uchta hujumini qaytaradi. Dushman batareyaning kuzatuv punktidan ajralib qolishiga erishdi va uni qurshovga olishga muvaffaq bo‘ldi. Jangda yaralanadi va fashistlar tomonidan asirga olinadi, barcha dahshatli qiynoqlarini yengib o‘tadi va o‘z vataniga, harbiy qasamiga sodiq qoladi…
    SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1942-yilning 20-iyunidagi farmoniga binoan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, kichik serjant Umerkin Abdulxaq Sagitovich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
    Qozon shahrida yashagan. 1982-yil 16-fevralda vafot etgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"QIZIL YULDUZ" ORDENI

"SEVASTOPOL MUDOFAASI UCHUN" MEDALI​