TASQULOV QANILBOY

oddiy askar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (30.10.1943)

1922-yil 15-avgustda Aksa-Ata (hozirgi Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani) qishlog‘ida tug‘ilgan. Maktabning yettinchi sinfini tamomlaganidan so‘ng, jamoa xo‘jaligida ishlagan. 1942-yilning yanvarida Tasqulov Qizil Armiya safiga chaqirilgan. O‘sha yilning aprel oyidan Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi.
1943-yil oktabrga qadar oddiy askar Qanilboy Tasqulov Markaziy frontning 65-Armiyasi 69-o‘qchi diviziyasi 120-o‘qchi polkida razvedkachi bo‘lgan. Dneprdagi jangda jonbozlik ko‘rsatgan. 1943-yil 15-oktyabrda Taskulov birinchilardan bo‘lib Ukraina SSRning Chernigov viloyati, Repkin tumani Radul qishlog‘i yaqinida, Dneprni kechib o‘tadi va g‘arbiy sohilidagi pozitsiyani egallab olish va qo‘ldan boy bermaslik uchun olib borilgan janglarda va ko‘plab nemislarning qarshi hujumlarini qaytarishda faol qatnashadi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943-yil 30-oktyabrdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, oddiy askar Qanilboy Tasqulov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Bo‘stonliq tumani Chaxcham qishlog‘ida yashab, faoliyat yuritgan.1989-yil 15-iyulda vafot etgan. U Bo‘stonliq tumani Dumaloq qishlog‘ida dafn etilgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"1-DARAJALI ULUG' VATAN URUSHI" ORDENI