PISHCHULIN ANDRIAN ABRAMOVICH

gvardiya katta leytenanti, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (17.11.1943)

1903-yil 15-sentabrda Semyonovka qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Rus. Boshlang‘ich maktabning 4-sinfini tamomlagan. 1925-yildan 1939-yilgacha Qizil Armiya safida xizmat qilgan. 1930-yilda M.V.Frunze nomidagi Omsk piyodalar maktabini tugatgan.
O‘zbekistonda yashagan. 1941-yil iyun oyida Qoraqalpoq Avtonom Sovet Sotsialistik Respublikasi Taxta-Ko‘pir tumani harbiy komissarlarligi tomonidan takroran armiya safiga chaqirilgan. 1941-yil avgustdan frontdagi janglarda qatnashgan.
1943-yil 22-sentabrda 51-gvardiya tankchilar brigadasining (Voronej fronti 3-gvardiya tankchilar armiyasi 6-gvardiya tankchilar korpusi) motoo‘qchi batal’oni komandiri katta leytenant Pishchulin Grigorevka qishlog‘i (hozirgi Ukraina Cherkas viloyati Kanevsk tumani) yaqinida Dnepr daryosini kechib o‘tish paytidagi janglarda jonbozlik ko‘rsatadi. Batal’on 3 kun davomida eggallab olingan platsdarmni boy bermaydi va dushman hujumlarini qaytaradi. Yarador bo‘ladi, lekin jang maydonini tark etmaydi. Butun brigadaning o‘ng qirg‘oqqa kechib o‘tishini ta’minlaydi. 1943-yil 24-sentabrda olgan jarohatlaridan harbiy gospitalda vafot etadi. Grigorovka qishlog‘ida dafn etilgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943-yil 17-noyabrdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, gvardiya katta leytenanti Andrian Abramovich Pishchulin vafotidan so‘ng Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI