PAVLUSHKO ARKADIY TIMOFEYEVICH
polkovnik, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (06.04.1945)
1900-yil 11-iyunda Turkiston general-guberniyasining Samarqand viloyati Samarqand shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. Samarqand va Urganch shaharlarida ta’lim olgan va faoliyat yuritgan. 1918-yil iyun oyidan Qizil Armiya safida xizmat qilgan. Turkiston frontidagi fuqarolar urushida, shuningdek, O‘rta Osiyoda Bosmachilarga qarshi janglarda qatnashgan.
1923-yilda piyodalar qo‘mondonlik kurslarini, 1925-yilda esa, Kiyev Birlashgan bilim yurtini, 1927-yilda – harbiy-siyosiy kurslarni va 1932-yilda Leningrad zirhli texnikalar bo‘linmalari qo‘mondonlik tarkibining malakasini oshirish o‘quv kurslarini tamomlagan.
1942-yil fevral oyidan Ikkinchi Jahon urushida qatnashgan. 1943-1944 yillarda 36-tankchilar brigadasi (11-tankchilar korpusi) komandirining o‘rinbosari bo‘lib xizmat qilgan. 1943-yilda ikki marotaba yaralangan.
1943-yil iyul oyida 4-tankchilar armiyasi tarkibida Orlov hujum operatsiyasida qatnashgan. So‘ngra korpus janubga yuborilib, avgustdan oktyabrgacha Donbassdagi hujum operatsiyasida qatnashadi. Shu jangda brigada Kalmius daryosidan kechib o‘tish paytida va Gulyaypole (Zaparoj viloyati) bekati uchun jangda tankchilar hujumiga o‘zi rahbarlik qilib jonbozlik ko‘rsatadi.
1944-yil iyul oyida 65-tankchilar brigadasiga (11-tank korpusi) komandirlik qiladi. Belarus hujum jangida qatnashadi.
Vislo-Oder hujumi jangida qahramonlik va jasorat ko‘rsatadi. 1945-yil 14-yanvarda brigada Pilitsa daryosining marrasida joylashadi va keyingi uch haftada 450 kilometr masofani bosib o‘tadi. 1945-yil 19-yanvarda brigada Lyuben shahrini (hozirgi Lyuben-Kuyavsk, Polsha) egallaydi, natijada shahar yaqinidagi harbiy aerodromda dushmanning 60 samolyoti qo‘lga kiritiladi. 21-yanvarda korpusning boshqa brigadalari bilan birgalikda Radzeyuv va Inovrotslav shaharlari ozod qilinadi. 1945-yil 1-fevralda brigada Oderni kechib o‘tib, Chernikau shahri yaqinidagi dushmanning kechuv joyini qo‘lga kiritadi, kelgusi kuni (hozirgi Pila, Polsha) Shneydemyul qal’a shahri qurshovga olinadi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 6-apreldagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, gvardiya polkovnigi Arkadiy Timofeyevich Pavlushko Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
1954-yilda general-mayor Arkadiy Timofeyevich Pavlushko zaxiraga bushatildi. Leningradda yashagan, 1966-yil 8-mayda vafot etgan.