ABDULLAYEV O‘RINBOY

oddiy askar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi,  Sovet Ittifoqi Qahramoni (24.03.1945)

1912-yilning 18-aprelida hozirgi Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi Bog‘yob qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbek. Boshlang‘ich ma’lumotga ega bo‘lgan O‘rinboy Abdullayev mahalliy kolxozga ishga kirdi.
O‘rinboy Abdullayev Qizil Armiya safiga 1943-yilning yanvarida chaqirilgan bo‘lib, 1943-yilning may oyidanoq frontda janga kirgan.
1944-yil 18-iyulga o‘tar kechasi katta serjant Xakimyan Rahimovich Axmetgalin boshchiligidagi o‘n kishilik guruh bilan O‘rinboy Abdullayev front chizig‘iga jo‘natildi.
Latviyaning Ludza shahri yaqinida razvedka guruhi qamalda qolib, dushmanning ustun kuchlari bilan jangga kiradi, guruh Sunuplyava qishlog‘i yaqinida joylashgan strategik jihatdan muhim bo‘lgan 144-tepalikni ancha vaqtgacha qo‘ldan bermaydi. Aksariyat butun guruhni bu jangda halok bo‘lgan deb hisoblaydi…
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 24-martdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorat va qahramonligi uchun”, oddiy askar O‘rinboy Abdullayev Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan (vafotidan so‘ng).
Biroq, kontuziya olgan Urunbay Abdullayevni 144-tepalikda jangdan keyin fashistlar asirga olgan. Natijada u Magdeburg yaqinidagi konslagerga keltiriladi.
Urushdan keyin O‘rinboy Abdullayev Ufaga keladi, biroq Vatan sog‘inchi uni Qoraqalpog‘iston ASSR ga qaytishga undaydi. U yerda esa kolxozda ishlaydi.
Urushdan keyin ilk marotaba O‘rinboy Abdullayev jang olib borgan o‘sha 144-tepalikka 1962-yilning may oyida, keyinchalik esa takroran 1963-yilning 10-noyabrida keladi.
O‘rinboy Abdullayev 1989-yilning 15-avgustida vafot etdi.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"1-DARAJALI VATAN URUSHI" ORDENI

"JASORATI UCHUN" MEDALI