MUSTAFAEV BEKIR DURSUN O‘G‘LI
Oddiy askar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Sovet Ittifoqi Qahramoni (16.05.1944)

1898-yil 11-fevralda hozirgi Gruziyaning Axalsixe viloyatidagi Glazar qishlog‘ida, dehqon oilasida tug‘ilgan. Ozarbayjon. Urushdan oldin dehqonchilik bilan shug‘illangan, kolxoz raisi bo‘lgan.
1941-yilda armiyaga chaqirilgan. 1942-yil martidan Ikkinchi Jahon urushida qatnashgan. 55-gvardiya o‘qchi diviziyasi 164-gvardiya o‘qchi polkida o‘qchi bo‘lgan. Kavkaz, Qrim va Ukraina uchun bo‘lgan janglarda qatnashgan.
1943-yil kuzda Kerch shahri uchun bo‘lgan janglarda jasorati va qahramonligi bilan jonbozlik ko‘rsatgan. 1943-yil 3-noyabrda Kerch bo‘g‘ozini kechib o‘tayotganda, dushman o‘q otish nuqtasi kuchli olov bilan 5-chi rota jangchilarining hujumiga to‘sqinlik qiladi. Dushman olovi ostida balandlikda joylashgan o‘q otish nuqtasiga emaklab borib, o‘q otish nuqtasi darchasiga granata uloqtirib yakson qiladi.
Safdoshlari oldiga qaytayotganida dushman transheyasida qo‘l jangida 4 ta nemis askarini yo‘q qiladi. Transheyada dushman pulemyotini qo‘lga kiritib, chekinayotgan dushmanga qarata o‘q uzadi. Yaralanganiga qaramay, jang maydonini tark etmaydi. Kerch yarim orolidagi janglarda 40 dan ortiq dushman askarlari va ofitserlarini yo‘q qiladi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yil 16-maydagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, oddiy askar Bekir Dursuno‘g‘li Mustafayev Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Urushdan so‘ng Samarqand viloyati, Kaynama qishlog‘ida yashab, mehnat qilgan.
1978-yil 10-dekabrda vafot etgan. Qishloqdagi ko‘chalardan biriga uning nomi berilgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI