KASPARYAN SUREN AKOPOVICH
 gvardiya serjanti, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (18.11.1944)

 1924-yilning 15-avgustda Tog‘li Qorabog‘ning Stepanakert tumanidagi (hozirgi Askeran tumani) Qilijbax qishlog‘ida arman-dehqon oilasida tug‘ilgan. Bolaligida Kasparyan oilasi Toshkentga doimiy yashash uchun ko‘chib kelgan, 1940-yilda o‘rta maktabni 7-sinfini tamomlagan. Maktabni tugatgach, Toshkentdagi Gorkiy poyabzal fabrikasida chilangar bo‘lib ishlagan.
18 yoshga to‘lgach, 1942-yilning dekabrida Toshkent shahridagi Lenin tumani harbiy komissarligi tomonidan Qizil Armiya safiga chaqirilgan.
Ikkinchi jahon urushida 8-gvardiya armiyasi 82-gvardiya o‘qchi diviziyasi 86-gvardiya alohida qiruvchi-tankka qarshi divizionida orudiya yo‘naltiruvchisi bo‘lgan. 1943-yilda artilleriya polki artilleriya yo’naltiruvchilari maktabini tugatgan, serjant unvonini oladi va shu yilning oktyabr oyida armiya safiga o‘tkazilgan. 3-Ukraina va 1-Belorusiya frontlarida fashist bosqinchilariga qarshi janglarida qahramonlarcha qatnashgan.
1944-yilning 20-avgustida Polshadagi janglarda jonbozlik ko‘rsatadi. Magnushevskiy platsdarmidagi janglarda dushman jangchilari sovet askarlarining g‘arbga qarab yurishini to‘xtatishga harakat qilishadi. Shu maqsadda fashistlar piyoda va 40ta og‘ir va o‘rta og‘ir tanklar bilan qarshi hujumga o‘tadi. Ulardan 19ta tank, Kasparyan orudiyasining o‘t otish nuqtasiga hujum qiladi.
Kasparyan qatiyatlik bilan dushmanga qarshi jangga kirishadi va birinchi zarbadayoq dushman tankini yoqib yuboradi. Birinchi muvaffaqiyat serjantni ilhomlantiradi va dushmanning kuchli oloviga qaramay, jasorat bilan fashistlarni o‘qqa tutishda davom etadi va ketma-ket 4ta nemis “Tigr” tanklarini yakson qiladi.
Serjant tomonidan jami 5ta tank yakson qilinadi, qolganlari ortga chekinadi. Biroq, dushman tanklaridan biri, bir necha bor o‘q uzib orudiyani yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ladi va Kasparyan og‘ir yaralanadi. Yaralanganligiga qaramay jang maydonini tark etmaydi. Faqat komandirning buyrug‘i bilan frontdan qaytariladi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yilning 18-noyabrdagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda jangovar topshiriqlarni namunali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, gvardiya serjanti Suren Akopovich Kasparyan Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
1994-yilning 3-yanvarida vafot etgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"1-DARAJALI VATAN URUSHI" ORDENI