GUBARKOV GRIGORIY MAKSIMOVICH 

oddiy askar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (27.02.1945)

1926-yil 1-fevralda Kachilovka qishlog‘ida (hozirgi Qozog‘istonning Kokchetav viloyati Ayyrtau tumani) ishchi oilasida tug‘ilgan. U maktabning etti sinfini tugatib, O‘zbekiston SSR Jizzax 2-mashina-traktor stansiyasida haydovchi bo‘lib ishlagan. 1943-yil noyabrda Gubarkov Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan. 1944-yil iyuldan – Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Grigoriy Gubarkov 1945-yil yanvariga kelib 1-Belorussiya fronti 2-gvardiya tank armiyasi 12-gvardiya tank korpusi 34-gvardiya motoo‘qchilar brigadasi motoo‘qchilar batalyoni pulemyotchisi bo‘lgan. U Polsha ozodligi uchun kechgan jangda jonbozlik ko‘rsatdi.
1945-yil 21-yanvarda Gubarkov dushmanning kuchli qarshiligiga qaramay, Inovrotslav shahri mudofaasini yorib kirishga muvaffaq bo‘ldi. Nemislarning qarshi hujum qaytarish paytida u yaralandi, jang maydonini tark etmadi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 27-fevraldagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda, qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, oddiy askar Grigoriy Gubarkov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Urushdan keyin Gubarkov Sovet Armiyasida xizmatini davom ettirdi. 1951-yilda safdan chiqarildi. U Jizzaxga qaytib, kolxozda, sovxozda ishladi va keyinchalik Zaporoje shahriga ko‘chib o‘tdi.

 

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"1-DARAJALI VATAN URUSHI" ORDENI