BELYAKOV IVAN DEMENTYEVICH

katta leytenant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (26.10.1943)

 1920-yilda Burannoe qishlog‘ida (hozirgi Orenburg viloyati Sol Iletsk tumani) dehqon oilasida tug‘ilgan. O‘z qishlog‘ida boshlang‘ich maktabni tugatgan. 1935-yilda Belyakov Tojikiston SSRning Kanibadam shahriga ko‘chib o‘tdi. Shu erda o‘qishni davom ettirdi va bir vaqtning o’zida ishladi. U “Katta Farg‘ona” kanali qurilishida ishtirok etgan, Qo‘qondagi bosh pochta bo‘limida hisobchi bo‘lib ishlagan.
1940-yilda Qo‘qon shahar harbiy komissarligi tomonidan Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan. 1941-yilda Olmaotadagi harbiy o‘qchi-pulemyotchilar bilim yurtini tugatdi.
1943-yil martdan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. U Stepnoy va 2-chi Ukraina frontlaridagi janglarda qatnashgan, Ukraina SSRni ozod qilinishida ishtirok etgan. Dneprdagi jangda jonbozlik ko‘rsatdi. Bu vaqtga kelib, katta leytenant Ivan Belyakov 7-gvardiya armiyasi 213-o‘qchilar diviziyasi 793-o‘qchilar polkining minomyotchilar rotasini boshqarardi.
1943-yil 26 dan 27 sentabrga o‘tar kechasi Belyakovning rotasi Dnepropetrovsk viloyati, Verxnedneprovskiy tumani, Dneprovokamenka qishlog‘i yaqinida Dneprni kechib o‘tdi. Rotaning bir qismi sharqiy qirg‘oqdan minomyotlardan o‘t ochib dushmanning tirik kuchi va texnikasini yo‘q qildi, bu esa hujum qiluvchilar tomonidan daryodan muvaffaqiyatli o‘tib platsdarmni qo‘lga olinishini ta’minladi. Belyakov ham o‘z bo‘linmalariga boshchilik qilgan holda, polkning ilg‘or bo’linmalari bilan birgalikda minomyot va o‘q-dorilarni olib daryoni kechib o‘tdi. Oldinga harakatlanib, Belyakov bo‘linmasi 14-oktyabr kuni Dnepropetrovsk-Kremenchug yo‘lini kesib qo‘ydi va Kalujino qishlog‘i yaqinida (hozirgi Dneprovokamenka qishlog‘iga tutashgan) jangovar pozitsiyalarni egalladi. 15-oktyabr kuni nemis bo‘linmalari 50 ga yaqin tank va zirhli mashinalar ko‘magida qarshi hujumga o‘tdilar. Barcha minomyot o‘q-dorilari sarflanib bo‘lingach, rota qo‘l jangiga kirishdi. Jangda Belyakov va uning safdoshlari halok bo‘lishdi.
U Dnepropetrovsk viloyati, Verxnedneprovskiy tumani, Dneper Kamenka qishlog‘ida dafn etilgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943-yil 26-oktyabrdagi Farmoni bilan “Dneprni muvaffaqiyatli kechib o‘tganligi va o‘ng qirg‘oqda platsdarmni ushlab qolganligi uchun”, katta leytenant Ivan Belyakov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan (vafotidan so‘ng).

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"QIZIL BAYROQ" ORDENI