TOSHKENT SHAHRIDAN BURHONOVLAR OILASI

семья бурхановых из города ташкента

family of the burkhanovs from tashkent

VATAN SIZLARNI HAMISHA YODLAR

        Ikki va undan ortiq a’zolari urushga ketgan oilalardan yana biri Toshkent shahridan Burxonovlar oilasi bo‘lib, to‘rt nafar farzanddan uchtasi Gʻani, Agzam, Nosir  ona yurti, Vatanini himoya qilish uchun fashistlarga qarshi qonli janglarda ishtirok etishib, ulardan biri Stalingrad uchun janglarda halok bo‘lgan.
        Oilaning yana bir farzandi Qosim front ortida temir yo‘l tizimida xizmat qilgan. To‘rt aka-ukaning kattasi Gʻani 1910 yilda tug‘ilgan. Uning urushga yuborilgan yili haqida ma’lumotlar mavjud emas. Gʻani 1944 yilda urushdan yarador bo‘lib qaytadi va tuzalib yana urush o‘chog‘iga qaytadi va urushda halok bo‘ladi. Uning Ukrainada dafn etilganligi to‘g‘risida ma’lumotlar bor.
        Ikkinchi farzand Qosim 1914 yilda tug‘ilgan. U  front ortida xizmat qilgan.
        Oilaning uchinchi farzandi Agzam 1916 yilda tug‘ilgan. 1941 yil harbiy-tibbiyot xizmatiga chaqirilgan. Xizmatlari uchun tibbiyot mayori unvonini olgan. Agzam  “Qizil yulduz” ordeni,  “Orden otechestvennoy voynы  II stepeni”,  “Za boyevыye zaslugi” medali,  “Za pobedu nad Germaniyey v Velikoy Otechestvennoy voyne 1941-1945gg.” medallari bilan ham mukofotlangan. Urushdan qaytib kelib 1913 yil vafot etgan.
        Oilaning yana bir farzandi Nosir 1923 yilda tug‘ilgan. Uning urushga yuborilgan yili haqida ma’lumotlar mavjud emas. Nosir Stalingrad janglarida yaralangan. Urushdan qaytib kelib 1950 yil vafot etgan.
        Mamlakatimizda har yili 9 may kuni “Xotira va qadrlash kuni” sifatida nishonlanib, o‘z yurti, vatani, sevikli yori, farzandlari, bizning bugungi kunimiz uchun o‘z jonlarini fido qilganlar yodga olinadi.
        Hozirda hayot bo‘lganlari holidan xabar olinadi.
        O‘n yetti-o‘n sakkizga kirib, kirmagan, yoshi bir-ykki yil oldin yozilib,  balog‘at yoshiga yetmagan, g‘o‘r, navnihol bolalar, yigitchalar urushga ketib. Birlari qaytishib, birlari qaytishmay, ulardan zurriyot ham qolmay uzoqlarda manguga qolib ketishdi. Bizlar uchun o‘z jonini fido qilganlar yodi mangu barhayotdir. Ularning oxiratlari obod. Joylari jannatda bo‘lsin.
Abdulla Oripovdan:

Mag‘ribda yovuzlik ko‘targanda bosh
Siz sodiq qoldingiz ezgu niyatga.
Yomg‘ir yoping‘ichu yostig‘ingiz tosh,
Qalqon bo‘loldingiz insoniyatga.
Ona yurt bag‘ridan juda ham yiroq,
O‘zga manzillarda topshirdingiz jon.
Hanuz ko‘ksimizni tirnaydi firoq,
Garchi siz muzaffar, g‘olib, qahramon.
Garchi Vatan sizni hamisha yodlar,
Lekin armoningiz sig‘mas qabrga.
Hali tug‘ilmagan ne-ne zuryodlar-
Barchasi ketdilar siz bilan birga…
Zaminda charx urar ruhingiz bedor,
Qolgan tirklarning tinchini o‘ylab.
Charx urar, Hisorga termulguncha zor,
Qarshining bepoyon dashtlari bo‘ylab.
Ozod O‘zbekiston bosh egib bu kun
Shahid farzandlarin nomlarin yo‘qlar.
Qaybiri bedarak, qaybiri beun,
Uzoq sarhadlarda jimgina uxlar.
Manguga tinmishdir qalb tug‘yonlari,
Endi xotirangiz yo‘ldoshdir bizga.
Xalqimning fidoyi, mard o‘g‘lonlari,
Allohning rahmati yog‘ilsin sizga.

Bobosi urushda bedarak ketgan Farg‘onalik Hanifaxon Mo‘minovani tinglang:

Bobosi urushda bedarak ketgan Farg‘onalik Hanifaxon Mo‘minovani tinglang:
-Hamma onalar O‘zbekiston onasi, hamma bolalar O‘zbekiston bolasi!
-Bobom Begimov Bo‘riboy urushga ketganlarida onam Mukarramxon bir yarim yashar bo‘lib, dada so’zini aytishar ekan. Bobom Bo’riboy buvim Turg’unoy bilan bir qishloqda katta bo‘lishgan va 1938 yil mart oyida nikohdan o‘tib, turmush qurishgan. 1940 yil mart oyining o‘rtasida hovlilaridagi o‘rik chaman gullaganda onam Mukarramxon tug‘ilgan. Bobom juda xursand bo‘lishgan ekan, oylik maoshlaridan katta qanor qopda odamlarga kalish tarqatishgan ekan. Bobom ilmli, hisob-kitobni yaxshi biladigan, novcha, oq-sariq moviy ko‘z bo‘lgan. Kolxozda tabelchi vazifasida ishlagan. Bobomni dalada ish joylaridan shiyponga gruzovoy mashinada kelib, olib ketishgan ekan.
O‘sha payt yoshlari kattaroq yozilib qolgan ekan.
Bobom Vatan uchun Onasi, xotini va qizalog‘i bilan xayrlasha olmay ketgan…
Hanifaxon Mo‘minova onasi Mukarramxon ayaning yoshlari saksondan oshsa-da, urushda bedarak bedarak ketgan otasi Bo‘riboy bobo to‘g‘risida biron-bir ma’lumot kutib, hamisha ilhaq ekanliklarini keltiradi…
Hanifaxon Mo‘minova murojaati bo‘yicha urushga ketib, bedarak yo‘qolgan Begimov Bo‘riboy bobo to‘g‘risida ma’lumotlar qidirilmoqda.
Rossiya Federasiyasi Mudofaa vazirligi “Pamyat naroda” portalida 1913 yil tug‘ilgan, 1941 yil Farg‘ona viloyati Kaganovich rayon harbiy komissariati (Kaganovichskiy RVK) dan harbiy xizmatga chaqirilgan Begimov Burbay Ukraina fronti 4- gvardiya o‘qchi diviziyasi 3-gvardiya o‘qchi polkining 1944 yil 10 fevraldagi №5/n-sonli buyrug‘i bilan 1944 yil 09 fevraldagi qahramonligi uchun “Za otvagu” medali bilan taqdirlangani to‘g‘risidagi hujjat nusxasi (fond 35, opis 717037, delo 18), unga tegishli yana bir hisob kartoteka hujjati Rossiya Mudofaa vazirligi Markaziy arxivida (8-shkaf, 21-yashik) saqlanayotganligi to‘g‘risida ma’lumot mavjud.
O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi huzuridagi “Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi mutaxassislari tomonidan Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilariga oid ma’lumotlar aniqlanmoqda va ularning avlodlarini xabardor qilinmoqda.
“Gʻalaba bog‘i” yodgorlik majmuasi “Shon-sharaf.uz” rasmiy saytining “Bobomni izlayman” bo‘limida Ikkinchi jahon urushida ishtirok etgan O‘zbekistonlik ikki milliondan ortiq hamyurtlarimiz to‘g‘risida ma’lumotlar joylashtirilgan.
Qidirish davom etadi…

Zubaydullo Karimov
“Gʻalaba bog‘i” yodgorlik mujmuasi tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyi bo‘lim boshlig‘i,
O‘zbekiston badiiy akademiyasi O‘zbekiston badiiy ijodkorlar uyushmasi a’zosi