“Mangu jasorat” monumenti yubiley esdalik sovg‘asi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 -yil 20 -apreldagi PQ – 5081 -son “ Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora tadbirlar to‘grisida”gi qarori hamda Ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan qozonilgan G‘alabaning
76 yilligiga bag‘ishlab yaratilgan.

Ushbu yubiley esdalik sovg‘asi O‘zbekiston Respublikasi Prezident Administratsiyasi tomonidan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyiga taqdim etilgan.

Asar muallifi, O‘zbekiston Respublikasi xalq rassomi Jasvantbek Bahromovich Annazarov. Monument yubiley esdalik sovg‘asi g‘oyasi o‘zida Ikkinchi jahon urushi frontlarida fidoiylik namunalarinini ko‘rsatgan hamda Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan o‘zbekistonlik  jangchilarimiz jasoratini mujassamlashtirgan.

Monument aylana shaklda yaratilgan bo‘lib, uning markaziy qismida birinchi o‘zbek generali, Sovet Ittifoqi Qahramoni Sobir Umarovich Rahimovning qiyofasi, uning atrofida Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan hamda jangovar orden va medallar bilan taqdirlangan o‘zbekistonlik jangchilarimiz  quyidagi tartibda gavdalantirilgan:

monument markazidan chapdan birinchi – Sovet Ittifoqi Qahramoni Ahmadjon Qurbonov, ikkinchi – Qizil bayroq ordeni sohibasi Zebo G‘aniyeva, uchinchi – Sovet Ittifoqi Qahramoni Bois Ergashev, to‘rtinchi – Sovet Ittifoqi Qahramoni Abdusattor Eshonqulov, beshinchi – Sovet Ittifoqi Qahramoni Botir Boboyev, oltinchi – jangovar xizmatlari uchun I -darajali “Vatan urushi”, “Qizil Yulduz”, “Mehnat Qizil Bayroq”, “Hurmat belgisi” ordenlari bilan mukofotlangan Muqaddam Ashrapova, yettinchi – Sovet Ittifoqi Qahramoni Ahmadjon Shukurov, sakkizinchi – Sovet Ittifoqi Qahramoni Shodi Shoimov;

monument markazidan o‘ngdan birinchi Sovet Ittifoqi Qahramoni –Amirali Saidbekov, ikkinchi Sovet Ittifoqi Qahramoni – Valdemar Shalandin, uchinchi – Sovet Ittifoqi Qahramoni Mamadali Topivoldiyev, to‘rtinchi – Sovet Ittifoqi Qahramoni Qudrat Suyunov, beshinchi – Sovet Ittifoqi Qahramoni Samig‘ Abdullayev, oltinchi – Sovet Ittifoqi Qahramoni Inoyat Navro‘zboyev. Asarning xom ashyosi hind marmari va tillarang yaltiroq metalldan ishlangan bo‘lib, balandligi 43sm, eni 34,5 sm tashkil etadi.