“General-mayor Sobir Rahimov” haykali yubiley esdalik sovg‘asi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019- yil 23- oktabrdagi PQ–4495- sonli “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G‘alabaning 75 yilligini munosib kutib olish to‘g‘risida”gi qarorga  binoan yaratilgan. Ushbu yubiley esdalik sovg‘asi O‘zbekiston Respublikasi Administratsiyasi tomonidan “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi tarkibidagi “Shon-sharaf” davlat muzeyiga Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning
75 yilligi munosabati bilan taqdim etilgan.

“General-mayor Sobir Rahimov” haykali esdalik sovg‘asida O‘zbek xalqining jonli timsoli, frontda qahramonlarcha halok bo‘lgan sarkardagina emas, balki Ikkinchi jahon urushi g‘alabasiga katta hissa qo‘shgan, fidoiylik ko‘rsatgan Sobir Rahimov obrazi gavdalantirilgan. Asarning xom ashyosi hind marmaridan va tillarang yaltiroq metalldan ishlangan bo‘lib, balandligi 43sm, eni 15sm tashkil etadi.

Sovet Ittifoqi qahramoni general-mayor Sobir Umar o‘g‘li Rahimov 1902-yil Toshkent shahrida tug‘ilgan. 1925- yili Bokudagi harbiy maktabni bitirib, Turkiston harbiy okrugida bir necha yil kavaleriya  birlashmasida vzvod, keyinchalik eskadron komandiri lavozimlarida xizmat qilgan.

1930- yilda qo‘mondonlik tarkibini mukamallashtirish kurslarini bitirdi. 1938-yili Qizil armiyadan chetlatildi, 1940-yilida esa armiyada tiklanib, G‘arbiy maxsus harbiy okrugga jo‘natilgan. Fashistlar Germaniyasi sobiq SSSRga bostirib kirgan vaqtda Sobir Rahimov mayor unvonida motoo‘qchi polki komandiri o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan.

1941- yil 22- iyunda Sobir Rahimov mayor unvonida motoo‘qchi polki komandiri o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan. U 1941-yil iyulda Smolensk yaqinidagi “Yelnya” qarshi hujum operatsiyasida yarador bo‘ldi, Jeleznovodsk gospitalida davolanib, shu yilning noyabrida frontga qaytarilib, 56- armiyaning 1149- o‘qchi polki komandiri lavozimida xizmatini davom ettirdi.

Janubiy frontda Rostov va Taganrog mudofaa janglarida ishtirok etgan.

1942- yil yanvarda yaralanib kontuziyaga uchradi. 1942- yil mayda frontga qaytib, sentabr oyida 56- armiyaning 395- o‘qchi diviziyasi komandiri etib tayinlandi. 1943- yil boshida mazkur diviziya Shimoliy Kavkaz hududida olib borilgan janglarda matonat bilan jang qildi va qisqa vaqtdan so‘ng 19- mart kuni Sobir Rahimovga general-mayor unvoni berildi. 1943- yil 8- aprelda Sobir Rahimov Moskvaga, K.Voroshilov nomidagi Bosh shtab harbiy Akademiyasiga o‘qishga yuborildi.

Akademiyani bitirib, 1944- yil noyabrda 65- armiyaning 37- gvardiyachi o‘qchi diviziyasi komandiri etib tayinlandi. 1945- yil fevral oyida 37- diviziya askarlari 9 ming kishilik garnizonni mudofaa qilib turgan Graudzyondz shahrini (Polsha)  zabt etishdi. Bir necha kundan so‘ng general Sobir Rahimov rahbarligi ostidagi diviziya Polshaning Gdansk shahriga birinchi bo‘lib kirdi. 1945- yil 26- mart kuni janglarning birida Sobir Rahimov turgan qo‘mondonlik kuzatuv punktiga kelib tushgan snaryad oqibatida  general yaralandi, 8 soatdan so‘ng  gospitalda general-mayor Sobir Umar o‘g‘li Rahimov  o‘z jonini yurt tinchligi uchun fido qilgan holda vafot etdi.

General-mayor Sobir Rahimov 1941-1945- yillar Kavkazdan Gdanskkacha bo‘lgan jangovar yo‘lni bosib o‘tgan birinchi o‘zbek generalidir.

General-mayor Sobir Rahimovga 1965-yilda Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni berilgan.