VOLKOV NIKOLAY FEDOROVICH

 kapitan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (24.03.1945)

   1913-yil 19-mayda Rossiya imperiyasining Grigorovo qishlog‘ida (hozirgi Vladimir viloyati Melenkovskiy tumani) kichik tadbirkor oilasida tug‘ilgan. Rus.
   1930-yilda 8-sonli maktabni muvaffaqiyatli tugatgan. 1932-1938 yillarda Gorkiy sanoat institutida kemasozlik bo‘limida o‘qigan.
   Urushdan oldin Samarqand shahrida yashagan, zavodda muhandis-mexanik bo‘lib ishlagan.
   1941-yil iyuldan Qizil armiya safida. Urush boshida asirga olingan, qochishga muvaffaq bo‘lgan. U otliqlar bilan bir necha bor razvedkaga brogan, bir necha marotaba orudiyasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri o‘t otish bilan tanklarning hujumlarini qaytargan. Janglarning birida yaralangan, ammo front ortiga evakuatsiya qilinishdan bosh tortgan. Yarasi endigina bitganda ikkinchi marta yaralanadi. Shundan keyin front bilan hayrlashadi.
   Harbiy bilim yurtida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan, so‘ngra o‘quv artilleriya polki komandirining o‘rinbosari etib tayinlangan. 1943-yil ohirida yana frontga qaytgan.
   1853-tanklarga qarshi artilleriya polk komandirining o‘rinbosari kapitan Nikolay Volkov Yassi shahri (Ruminiya) uchun janglarda 3 batareya tarkibida tanklar bilan hamkorlikda artilleriya guruhiga boshchilik qilgan.
   1944-yil 20-avgustda birinchi bo‘lib tanklar bilan birga shaharga bostirib kiradi va uning markazini egallab olib, o‘qchi qismlari kelguncha pozitsiyani ushlab turadi.
   Guruh dushmanning 3 ta tankini, 3 ta avtomashinasini, 2 ta traktorini, 200 dan ortiq askar va ofitserlar yakson qiladi, dushman generali qo‘lga olinadi. Qo‘l jangida Volkov og‘ir yaralanadi va 1944-yil 23-avgustda vafot etadi.
   SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 24-martdagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, kapitan Volkov Nikolay Fedorovich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan (vafotidan so‘ng).
   Yassi shahridagi birodarlar qabristoniga dafn qilingan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"1-DARAJALI VATAN URUSHI" ORDENI

"QIZIL YULDUZ" ORDENI