VOINSHIN YEFIM ANDREYEVICH
katta serjant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi qahramoni (24.03.1945)
1920-yil 22-oktabrda Cherkassada dehqon oilasida tug‘ilgan. Bolaligida u oilasi bilan Cherkassiy viloyati Smela shahriga, so‘ngra Toshkentga ko‘chib o‘tdi. O‘rta maktabni tugatib, Toshkentda ishladi. 1940-yilda Voinshin Qizil Armiyaga Toshkentning Frunze tuman harbiy komissarligi tomonidan chaqirildi. 1943-yil iyuldan – Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. 1944-yil iyul oyiga qadar katta serjant Yefim Voinshin 3-Belorussiya fronti 5-armiya 184-o‘qchilar diviziyasi 616-artilleriya polkida orudiya komandiri edi. U Litvani ozod qilish paytida jonbozlik ko‘rsatdi.
1944-yil 18-iyulda Voinshin Kaunas janubidagi Neman daryosining g‘arbiy sohilidagi platsdarmdagi janglarda qatnashdi. Voinshinning orudiyasi joylashgan yo‘nalishga dushman 12 ta tank va 5 ta o‘ziyurar artilleriya qurilmalarini tashlaydi. Voinshinning orudiya hisobi ularni 200 metr masofa qolguncha yaqinlashtiradi, hamda ularga qarata o‘t ochadi va 4ta tankni yo‘q qiladi. Yo‘naltiruvchi va o‘qlovchilar halok bo‘lib Voinshinning o‘zi yarador bo‘lganida ham jang maydonini tark etmadi va shahsan o‘zi orudiyadan o‘t ochib yana 2 ta tankni yo‘q qiladi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 24-martdagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda, qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, katta serjant Yefim Voinshin Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
U 1-Uzoqsharq fronti 5-armiya tarkibida Sovet-Yapon urushida qatnashgan. Urushdan keyin armiya safidan zaxiraga olindi. Smela shahridagi oziq-ovqat sanoati tehnikumini, 1956-yilda esa – Kiyev texnologiya institutini tamomlagan. Smela shahrida yashagan, muhandislik lavozimlarida ishlagan. 1982-yil 10-yanvarda vafot etdi.