VALIYEV SIRODJIDDIN (SRADJIDDIN)

 kichik leytenant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (13.03.1942)

    1920-yilda O‘zbekistonning Farg‘ona viloyati Beshariq tumani (1992 yilgacha – Kirov tumani bo‘lgan) Frunze kolxozida tug‘ilgan.
   Jangovar topshiriqlarni a’lo darajada bajarganligi uchun Janubiy frontning 74-o‘qchi diviziyasining alohida razvedka vzvod komandiri kichik leytenant Valiyev Sirodjiddin «Jasorat uchun», «Harbiy xizmatlari uchun» medallari bilan taqdirlangan.
   1941-yilning 16-noyabrda asirni qo‘lga olish topshirig‘ini olgan zahoti, o‘z bo‘linmasining beshta jangchisi bilan dushmanning front ortiga kirib oldi. Hayotini xavf ostiga qo‘yib, dushmanning ikkita soqchisiga hujum qildi, birini nayza bilan o‘ldirdi, ikkinchisini tiriklay qo‘lga olib, shtabga olib keldi.
   1941-yilning 19-noyabrida o‘sha hududda dushman front ortida, o‘z bo‘linmasining jangchilari bilan dushman vzvodiga hujum qilib, 16 nafar askarini yo‘q qildi. O‘zi yo‘qotishlarsiz qaytib keldi.
   1941-yilning 29-dekabrida Kamishevatki qishlog‘ida asirni qo‘lga olish bo‘yicha jangovar buyruqni  bajarayotgan Valiyev 20 ta italiya askarlariga qarshi bir o‘zi janga kiradi. Avtomatdan o‘q uzib va granatalar yordamida 18 askarni yo‘q qildi, shundan so‘ng 15 nafar fashistlar joylashgan uyni qurshab olib, granatalar bilan o‘qqa tutadi. So‘ngra uyga bostirib kirib, avtomat qo‘ndog‘i yordamida sakkiz fashist askarini o‘ldiradi, yetti nafarini, shuningdek bir nafar ofitserini qurolsizlantiradi va asirga oladi.
   1942-yilning 23 va 24-yanvarida Debaltsevo mintaqasida asirlarni qo‘lga olish to‘g‘risida buyruq olgan Valiyev o‘nta askar bilan dushmanning mudofaa chizig‘idan o‘tib, pistirma uyushtirdi. 7 nafar nemisni payqab, ularga qarata o‘q uzdi va uch nafarini o‘ldirdi. Qolganlarining orqasidan quvib, bitta nemis mahbusini asirga oladi. 74-o‘qchi diviziyasining alohida razvedka rotasining vzvod komandiri kichik leytenant Sirojddin Valiyev Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlanishga loyiqdir… «
   SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1942-yilning 13-martdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorat va qahramonligi uchun”, kichik leytenant Sirojiddin Valiyev “Lenin” ordeni va “Oltin Yulduz” medali taqdim etilgan holda “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan”.
  U Unvonni may oyida olgan bo‘lib, bir oydan so‘ng esa vafot etdi.
  Ma’lum bo‘lishicha, 1942-yilning 20-iyunida zimiston tun qorong‘uligida Leytenant Sirojiddin Valiyevning razvedkachilar guruhi qo‘mondonlikning topshirig‘ini bajarib, o‘z bo‘linmasi joylashgan joyga qaytayotgan edi. Ular pistirmaga tushadi va jangga kiradilar. Jang paytida Valiyev og‘ir yaralangan bo‘lib, guruhga chekinishni buyuradi, kop qo‘n yoqotib, guruh chekinayotgan yo‘nalishni himoya qiladi.
  U Yelenovka qishlog‘idagi Birodarlik qabristoniga dafn etilgan, Lugansk viloyatining Perevalsk tumani Vergulyovka qishlogi yaqinidagi o‘rmon chetida «1942-yilda shu yerda razvedkachi leytenant Valiyev S. vafot etgan» degan yozuv aks ettirilgan monument yodgorlik bor.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"JASORATI UCHUN" MEDALI

"JANGOVAR XIZMATLARI UCHUN" MEDALI