UTKIN YEVGENIY DMITRIYEVICH

gvardiya leytenanti, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (10.04.1945)

1924-yilda (hozirgi Qozog‘istonning Jambul viloyati Jualinsk tumani) Andreyevka qishlog‘ida tug‘ilgan. Toshkent viloyatining Galaba tumanidagi “O‘zbek SSRning besh yilligi” nomli paxtachilik jamoa xo‘jaligining ustaxonasida chilangar bo‘lib ishlagan.
1942-yil 20-oktabrda O‘zbekiston SSRning Toshkent viloyati Quyi-Chirchiq tumani harbiy komissarligi tomonidan Qizil Armiya safiga chaqirilgan. Toshkentda ko‘chirilgan Xarkov tankchilar bilim yurtini tamomlagan.
1943-yil 26-dekabrda ilk bor Jitomir uchun bo‘lgan janglarda qatnashgan. Shahar ozod qilinganidan so‘ng kichik leytanant Utkinga Oliy qo‘mondonlikning birinchi minnatdorchiligi e’lon qilinadi.
Butun 1944-yil davomida janglarda qatnashib orden va medallar bilan taqdirlangan. Lvov viloyatida dushmanni yakson qilib, Sandomirsk platsdarmida jang qilgan. Yozda unga leytenant unvoni berilgan. Janglarning birida jiddiy yaralanadi, ammo to‘liq sog‘ayishini kutmay, xizmatga qaytadi. Yil yakunida uni tajribali ofitser sifatida tankchilar rotasi komandiri lavozimiga tayinlashadi.
1945-yil yanvarda dushman mudofaasini yorib kirgandan so‘ng, tankchilar jangga kiradi. Dushmanni ta’qib etgan holda, ular kuniga bir necha kilometr masofani bosib o‘tishadi. Leytenant Utkinning tankchilar rotasi brigadaning birinchi safida borar edi. 1945-yil 17-yanvarda brigada asosiy kuchlari tarkibida hujumga o‘tib, birinchi bo‘lib dushman mudofaasining muhim tayanch punkti bo’lgan Suleyuv (Polsha) shahriga bostirib kiradi.
1945-yil 31-yanvarda Zofiental (hozirgi Zdeslavitse shahri) aholi punktidagi Oder platsdarmida, 1-Ukraina frontining 4-tank armiyasi 93-tankchilar brigadasi tankchilar rotasi komandiri leytenant Utkin boshchiligida rota dushmanning qarshi xujumini qaytaradi. Tankchilar jang davomida hujum boshlanganidan 600 kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishadi.
Oderda, sovet qo‘shinlariga qarshi dushman o‘zining eng kuchli ikkita «German Gering» va «Brandenburg» tankchilar diviziyalarini egallangan platsdarmga yuboradi.
Ofitser Utkinning tankchilari qahramonlarcha jang qiladi. Faqat platsdarmni o‘zida uning rotasi 8 ta dushman tankini, 20 dan ortiq zirhli transport vositasini, bir nechta artilleriya to‘plarini va ko‘plab dushman tirik kuchlarini yakson qiladi.
16-fevral kuni dushman kuch jihatdan ustun bo‘lgan holda qattiq qarshi hujumga o‘tadi. Utkin o‘z tanklarini mohirona jangga boshlaydi. Fashistlar chekinishni boshlaganda, Utkin rotasining yon tomonidan to‘satdan dushmanning o‘ziyurar artilleriyasi paydo bo‘ladi. U rota komandirining mashinasiga zarba beradi, leytenant Utkin halok bo‘ladi, boshqa ekipaj a’zolari jarohat olishadi. Qahramon Polshaning Sitsuv shahrida dafn etilgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 10-apreldagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, gvardiya leytenanti Utkin Yevgeniy Dmitriyevich vafotidan so‘ng Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"QIZIL BAYROQ" ORDENI

"QIZIL YULDUZ" ORDENI