STANKEVICH GEMEL MIXAYLOVICH 

kichik leytenant, Ikkinchi jahon urush qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (27.07.1945)

1925-yil 8-martda Belorussiya Respublikasi Mogilev viloyati, Bixov tumani, Seliba, Vyunovskaya Seliba qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Belarus. 8-sinfni tugatgan. Leningradda yashagan, “Elektrik” zavodida ishlagan. Urushning dastlabki haftalarida Toshkent shahriga evakuvatsiya qilingan. 1943-yilda Qizil Armiya safiga chaqirilgan va Toshkent yaqinidagi Chirchiq shahriga evakuatsiya qilingan Xarkov tank bilim yurtiga yuborilgan. 1944 yilda o‘qishni muvaffaqiyatli tugatib, kichik leytenant unvoni bilan frontga yuborilgan.
25-tank korpusi tarkibiga kiruvchi 111-tank brigadasida tank vzvodini boshqargan. Polshani ozod qilishda qatnashgan, Germaniyaning Guben shahri (hozirgi Gubin, Polsha) uchun olib borilgan janglarda jonbozlik ko‘rsatgan.
1945-yil 24-fevralda tank vzvodi dushmanning mudofaasini yorib o‘tib, Guben shahriga birinchi bo‘lib bostirib kiradi. Dushmanning qarshi hujumlaridan birini qaytarishda, G.M.Stankevichning tanki “Faustpatron” qurolidan yoqib yuborilgan.
Jangdan chiqmay, ekipaj nosozlikni bartaraf etadi va jangni davom ettiradi. 4 kunlik janglar davomida tankchilar 3 ta o‘ziyurar orudiyani, 2 ta tankni, 4 ta og‘ir pushkani, 3 ta minomyotni va 180 ga yaqin fashistlarni yo‘q qiladi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 27-iyundagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarni namunali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Toshkentda yashagan. 1955-yilda Toshkent yuridik institutini tamomlagan. Tergovchi bo‘lib ishlagan. 1962-yil 5-yanvarda vafot etgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"1-DARAJALI VATAN URUSHI" ORDENI

"LENIN" ORDENI

"QIZIL YULDUZ" ORDENI

«BERLINNI ZABT ETGANLIGI UCHUN» MEDALI

"1941-1945 YILLARDAGI ULUG' VATAN URUSHIDA GERMANIYA USTIDAN QOZONILGAN G'ALABA UCHUN" MEDALI