SIBAGATULLIN LUTFULLA SIBAYEVICH
katta leytenant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (16.10.1943)
1912-yil 15-martda Chayka (hozirgi Perm viloyati Uinsk tumani) qishlog‘ida tug‘ilgan. Tatar. Yenapayev 1-sonli o‘rta maktabini, Sverdlovskiy pedogogika texnikumini tamomlab, o‘qituvchi, keyinchalik esa, Namangan viloyati Norin tumanida nazoratchi bo‘lib ishlagan.
1938-yilda Qizil armiya safiga chaqirilgan. 1941-yilda qo‘mondonlik tarkibining malakasini oshirish kurslarini tamomlagan. 1942-yilning fevral oyidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi.
1943-yil sentabr oyida Markaziy frontning 13-armiyasi 8-o‘qchilar diviziyasi 229-o‘qchilar polkida batalyon komandirining siyosiy qism bo‘yicha o‘rinbosari bo‘lgan.
1943-yil 22-sentyabrda Dnepr uchun jangda jonbozlik ko‘rsatib, Beloruss SSRning Gomel viloyati Braginsk tumani Yuqori Jar qishlog‘i hududida Dnepr daryosini ilg‘or otryad boshchiligida kechib o‘tib, platsdarmni egallash janglarida faol ishtirok etdi va uning g‘arbiy qirg‘og‘ini qo‘ldan boy bermagan holda, asosiy kuchlar daryodan kechib o‘tishlarini ta’minladi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943-yil 13-oktabrdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, katta leytenant Sibagatullin Lutfulla Sibayevich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
1945-yilda M.Gorkiy nomidagi harbiy-siyosiy bilim yurtini tamomlagan. 1946-yilda kapitan unvonida zaxiraga bo‘shatildi. O‘zbek SSRning Toshkent viloyati Yuqori-Chirchiq tumani Parkent qishlog‘ida yashagan.
1978-yil 6-oktabrda vafot etgan.