SERDYUKOV IOSIF ILICH

yefreytor, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (30.10.1943)

1906-yil 10-oktabrda (hozirgi Belgorod viloyati, Veydelevskiy tumanidagi) “Stanovoy” qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Rus. Boshlang‘ich ma’lumotiga ega bo‘lgan. U O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahridagi mevalarni qayta ishlash zavodida faoliyat yuritgan.
1936-yildan Xabarovsk o‘lkasining Sovet Gavani qishlog‘ida yashagan. U yog‘ochsozlik korxonasining yog‘ochga ishlov berish brigadasida ishlagan va Komsomol tepaligida yog‘ochlarni yig‘ib olish bilan shug‘ullangan.
Keyinchalik u Vladivostok shahri yaqinidagi harbiy aerodrom qurilishiga jalb etilgan. 1942-yildan Qizil Armiya safida jang qilgan. (Markaziy front 65-armiyasi 69-o‘qchilar diviziyasi) 99-alohida sapyor batalyonining sapyori yefreytor Iosif  Ilich Serdyukov 1943-yil 15-oktabrda Ukrainaning Chernigov viloyati, Repkinskiy tumani, Radul shaharchasi hududida Dnepr daryosidan kechib o‘tish paytida jonbozlik ko‘rsatib, bo‘linma komandiri o‘rnini egallab Dneprning o‘ng qirg‘og‘iga birinchi bo‘lib kechib o‘tadi, u erda dushman xandaqlari joylashgan hududni egallab, desantchilar kechuvdan o‘tishlarini ta’minladi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943-yil 30-oktabrdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, yefreytor Iosif Ilich Serdyukov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
1945-yilda siyosiy tarkib kurslarini tamomladi. 1946-yilda kichik leytenant Serdyukov I.I. zahiraga bo‘shatildi.
U Toshkent shahrida yashagan. 1948-yilda O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komiteti qoshidagi partiya maktabini tugatgan. Ma’muriy-xo‘jalik lavozimlarida ishlagan.
1973-yil 28-martda vafot etdi. U Toshkentdagi Harbiy qabristonning qahramonlar xiyoboniga dafn etilgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"1-DARAJALI VATAN URUSHI" ORDENI