SAPOJNIKOV MIXAIL GRIGORIYEVICH
podpolkovnik, Ikkinchi Jahon urushi faxriysi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (26.10.1943)
1905-yil 23-yanvarda Pishpekda (hozirgi Bishkek) tug‘ilgan. Maktabning o‘nninchi sinfini tugatgach, Davlat sug‘urtasida ishlagan. 1926-yilda Sapojnikov Qizil Armiya safida xizmat qilgan. 1930-yilda O‘rta Osiyo qo‘shma harbiy bilim yurtini, 1939-yilda qo‘mondonlik malakasini oshirish artilleriya kurslarini tamomlagan. Sovet-Fin urushida qatnashgan. 1941-yil sentabrdan – Ikkinchi Jahon urushda.
1943-yil sentabrga qadar podpolkovnik Mixail Sapojnikov Cho‘l frontining 7-gvardiya armiyasi 30-alohida tankka qarshi artilleriya brigadasi komandiri bo‘lgan. Dneprdagi jangda jonbozlik ko‘rsatgan. 1943-yil 30-sentabrda Sapojnikov boshchiligida brigada Ukraina SSR Dnepropetrovsk viloyatining Verxnedneprovskiy tumanidagi Mishurin Rog qishlog‘i yaqinida Dneper daryosining g‘arbiy sohilidagi platsdarmga muvaffaqiyatli kechib o‘tadi va ko‘plab nemis qarshi hujumlarini qaytarib uni ushlab qoladi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943-yil 26-oktabrdagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, podpolkovnik Mixail Grigoriyevich Sapojnikov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlanagan.
Urushdan keyin Sovet Armiyasidagi xizmatini davom ettiradi. 1947-yilda Oliy akademik kurslarni tugatgan. 1958-yilda general-mayor unvoni bilan Sapojnikov zahiraga bo‘shatilgan. Saratovda yashab, mehnat qilgan.
1964-yil 4-iyunda vafot etgan, Saratovdagi qabristonga dafn etilgan.