RAXIMOV SOBIR UMAROVICH

gvardiya general-mayori, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (06.05.1965)

1902-yil 25-yanvarda tug‘ilgan. Rasmiy hujjatlarga ko‘ra, Sobirning tug‘ilgan joyi – Toshkent; boshqa ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda Janubiy Qozog‘iston viloyati, Kazigurt tumaniga qarashli bo‘lgan, Leninskiy tumanidagi «Kommunizm» kolxozida tug‘ilgan.
Otasi Omarqulning to‘liq ismi qozoqlarning Katta Juzining Suan qabilasining Bagys urug‘iga taqaladi. Onasi o‘zbek.
1922-yilda Qizil Armiya safiga xizmatga borgan. 1925-yilda Boku Birlashgan Harbiy Maktabini tamomlagan. Turkiston harbiy okrugida xizmat qilgan. Bir necha bor yarador bo‘lgan, janglarda ko‘rsatgan jasorati uchun Qizil Bayroq ordeni bilan taqdirlangan. 1930-yilda qo‘mondonlik malaka oshirish kurslarini tugatgan. Keyin turli harbiy okruglarda xizmat qilgan. 1938-yilda Qizil Armiya safidan zahiraga bo‘shatilgan, 1940-yilda armiyaga qayta tiklanadi va G‘arbiy Maxsus harbiy okrugga yuboriladi.
1941-yil iyun oyida Ikkinchi jahon urushiga, mayor unvonida, motoo‘qchilar polkining komandiri o‘rinbosari lavozimida kirishgan. G‘arbiy frontda Belorusiya va Smolensk viloyatidagi mudofaa janglarida qatnashgan. 1941-yil iyul oyida yaralanadi gospitaldan so‘ng, 1941-yil noyabrda u frontga qaytib, 56-armiya tarkibidagi, 353-o‘qchilar diviziyasining 1149-o‘qchilar polkiga komandirlik qilgan. 1941-1942 yillar qishida, Janubiy frontdagi Rostov va Taganrog yaqinidagi mudofaa va hujum janglariga qatnashgan. 1942-yil yanvarda ikkinchi marta yaralanadi va kontuziya oladi.
1942-yil may oyida shifoxonada davolanganidan so‘ng, shu 56-armiyada 395-o‘qchilar diviziyasi komandirining o‘rinbosari, 1942-yil 4-sentabrda esa diviziya komandiri etib tayinlanadi. 1943-yil boshida, diviziya Shimoliy Kavkazdagi hujum operatsiyalarida jonbozlik ko‘rsatadi.
Polkovnik Sobir Rahimovga 1943-yil 19-martda, general-mayor harbiy unvoni berilgan.
1943-yil 8-aprelda general-mayor Rahimov divizion boshqaruvidan ozod qilinib, Moskvaga K.E.Voroshilov nomidagi Bosh shtabning Harbiy akademiyasiga o‘qishga yuboriladi.
Akademiyani tamomlagach, frontga qaytadi va 1944-yil 16-noyabrda 37-gvardiya o‘qchilar diviziyasiga komandir etib tayinlanadi.
65-armiya tarkibida diviziya, Sharqiy Prussiya xujum operatsiyasida jang olib borgan. General Rahimov, 9 minglik dushman garnizoni himoyalanayotgan mustahkam Graudenz shahrini (hozirgi Grudziadz, Polsha) shturm qilishda jonbozlik ko‘rsatgan. General I.Fedyuninskiy komandirligidagi 2-zarba armiyasiga vaqtincha biriktirilgan 37-gvardiya diviziyasi, 1945-yil 16-fevralda kuchli zarba bilan shahar chetidagi dushman istehkomlariga yorib kirib, bir necha aholi yashash punktlarini ozod qiladi va shaharga birinchi bo’lib kiriib boradi. Rahimov bo‘linmasining qat’iy harakatlari, garnizonni asosiy kuchlarini unga qaratishga majbur qiladi, natijada 22-fevralga o‘tar kechasi boshqa bo’linmalar shaharni turli yo‘nalishlardan xujum qilib shaharni ozod qiladi.
1945-yil 26-martda janglarning birida, dushman hujumga o‘tgan kemalari artilleriyasidan otilgan og‘ir o’qning kelib tushishi natijasida, divizionning kuzatuv punktga yo’q qilinadi. Kuzatuv postida bo‘lgan general-mayor Sobir Rahimovning boshi, snaryad parchasidan og‘ir yaralanadi va sakkiz soatdan keyin hushiga kelmasdan kasalxonada vafot etadi.
Toshkentga, Kafanov nomidagi bog’ga dafn etilgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1965-yil 6-maydagi Farmoni bilan gvardiya general-mayori Raximov Sobir Umarovich, Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"QIZIL BAYROQ" ORDENI

"1,2,3-DARAJALI SUVOROV" ORDENI

"1,2,3-DARAJALI KUTUZOV" ORDENI

"QIZIL YULDUZ" ORDENI

"KAVKAZ MUDOFAASI UCHUN" MEDALI​