RAXIMOV SOBIR UMAROVICH 

Raximov Sobir Umarovich 1902 yil 1 yanvar sanasida Toshkent shahar Kirov (hozirgi Yunusobod) tumanida tegirmon ishchisi oilasida tug‘ilgan.

1910 yilda Toshkent shahridagi eski shahar maktabida tahsil ola boshlagan va ushbu maktabni 1915 yilda tamomlagan. Ish faoliyatini shu yildan bir o‘zbek boyining xonadonida molboqarlikdan boshlagan. So‘ngra 1917-1919 yilgacha internatda tarbiyalangan Sobir 1919 – 1920 – yillarda qishloq xo‘jaligi bo‘yicha o‘qigan va shu sohada ishlagan. 1920-1922 – yillarda o‘z mehnat faoliyatini Toshkent to‘qimachilik ustaxonasida davom ettirgan.

1922 yil o‘z hohishi bilan Ishchi-dehqon Qizil Armiyasiga xizmat qilish uchun chaqiriladi va shu yili 1 sentyabr sanasidan Ozarbayjon Respublikasi Boku shahridagi birlashgan harbiy maktabiga o‘qishga qabul qilingan.

Harbiy talim jarayonidagi yutuqlari, chavandozlik mahorati uchun M.V.Frunze qo‘lidan esdalik sovg‘a – bronzadan quyilgan ot haykalchasini olishga muvaffaq bo‘ladi. Bokudagi harbiy maktabni 1925 yil 7 avgustda muvaffaqiyatli bitirib Qarshi shahrida joylashgan alohida o‘zbek otliq divizionida vzvod komandiri bo‘lib harbiy faoliyatini boshlagan Sobir Rahimov, 1927-1930 yillarda  Samarqanddagi O‘rta Osiyo harbiy okrugining 6-o‘zbek otliq brigadasi tarkibidagi 1-o‘zbek otliq polkining vzvod komandiri bo‘lib xizmat qilgan. 1930-1933 yillarda Moskvadagi komandirlar tarkibini malakasini oshirish kurslariga o‘qishga qabul qilindi.

1936 yilda Samarqand shahridagi 42-otliq polkining shtab boshlig‘i lavozimiga tayinlangan. 1938 yilning 20-mart kunidan armiya saflaridan zahiraga bo‘shatilgan, 1939 yilning 19-noyabr sanasidan qaytadan ofitserlik unvoni bilan Ishchi-dehqon Qizil Armiyasiga saflariga tiklangan va Toshkent viloyati OSOAVIAXIM tashkilotining jangovar tayyorgarlik bo‘limi boshlig‘i lavozimiga tayinlangan.

1936 yilda O‘rta Osiyo respublikalari hududlarida sovet davlatini o‘rnatishdagi xizmatlari uchun Qizil Yulduz ordeni bilan taqdirlangan. 1939 yildan 1941 yilning avgust oyigacha bo‘lgan davrda 104 – tank diviziyasining 104 motorlashtirilgan polki komandirining o‘rinbosari lavozimida xizmat qilgan.

Sobir Rahimov vzvod komandiri lavozimidan diviziya komandiri darajasigacha bo‘lgan mashaqqatli va sharafli yo‘lni bosib o‘tgan. Polk komandirining o‘rinbosari sifatida ilk jangni Elnya atrofida o‘tkazdi. U 1941 yildan boshlab o‘qchi polki komandiri sifatida mustaqil harakatlana boshlaydi. 1941 yili janglardan birida yaralanib, Jeleznovodsk shahridagi ko‘chma gospitalga yuboriladi.

Tuzalib chiqqach Sobir Rahimov 1941 yil 20 oktyabrdan Janubiy frontdagi 353-o‘qchi diviziyasi 1149-o‘qchi polkining komandiri, 1942 yil

1 maydan esa 353-o‘qchi diviziyasi qo‘mondonining o‘rinbosari vazifalarida faoliyat olib bordi. Harbiy harakatlardagi ko‘rsatgan mardligi, jasorati  hamda o‘z burchiga masuliyat bilan yondoshganligi bois 1942 yil 1 avgustidan Shimoliy Kavkaz fronti 395-Shaxtyor diviziyasi komandiri etib tayinlandi. Shimoliy Kavkaz frontidagi uch oylik jangovar harakatlar davomida Sobir Rahimov qo‘mondonligi ostidagi diviziya dushmanning sakkiz mingga yaqin ofitser, askarlari hamda harbiy texnikasini yo‘q qilgan. 

Jangovar jasorati uchun 1942 yil 10 fevralda Sobir Rahimovga podpolkovnik, olti oydan so‘ng esa polkovnik unvoni berildi.

Sobir Rahimov Kuban, Krasnodar kabi shaharlarni ozod etishda qatnashib, mardlik va jasorat namunalarini ko‘rsatganligi uchun 1943 yilning 19 mart sanasida unga navbatdagi general-mayor unvoni berildi va II darajali Suvorov ordeni bilan taqdirlandi.

1943 yil yozida Sobir Rahimov harbiy bilim va malakasini oshirish maqsadida Moskva shahridagi Harbiy akademiyaga yuborildi. 1943 yil

1 oktyabrda u Toshkentga turmush o‘rtog‘i Munira Rahimovaga yozgan xatida “O‘n kundan beri imtihonlar ketayotgani sababli xat yozishning imkoni bo‘lmadi. Meni tabriklasangiz bo‘ladi. Barcha fanlarni ijobiy topshirdim. To‘g‘risini aytsam, birinchi kunlarda eplay olamanmi, deya qo‘rqqan edim. O‘zimni qo‘lga olib, sutkasiga ikki soatgina uxlab, tun-u kun o‘z ustimda uzluksiz ishlayapman”, deb keltirib o‘tgan.

Qisqa muddatli malaka oshirish davomida harbiy nazariya va qo‘mondonlik sirlarini qunt bilan o‘rgangan Sobir Rahimovning qo‘mondonligi ostida 37-o‘qchi diviziyasi I hamda II Belarus  frontlarining Baranovichidan Belostokkacha bo‘lgan jangovar harakatlarida ishtirok etdi. 37-o‘qchi diviziyasi general-mayor Sobir Rahimov qo‘mondonligi ostida Ikkinchi jahon urushi tarixi sahiflariga o‘zining janglardagi shonli g‘alabalari bilan muhrlandi.

1946 yilning yanvar-mart oylarida Polshaning Visla daryosi quyi oqimida joylashgan Mlava, Dzyaldovo (Zoldau), Plonsk, Gnev, Starogard va Grudzyandz kabi o‘nlab shaharlarida janglar olib boridi.

Grudzyandz shahri uchun bo‘lgan hal qiluvchi jangga Sobir Rahimov qo‘mondonlik qilgan 37-o‘qchi diviziya kiradi. Gitlerning ishongan generali Lyudvig Frikke o‘zining besh mingdan ortiq ofitser hamda askarlari bilan birgalikda asir olindi.

Ushbu g‘alaba munosabati bilan Moskvadan Oliy Bosh Qo‘mondonning buyrug‘i o‘qib eshittirilib, Sobir Rahimov diviziyasi sharafiga 20 marta to‘plardan o‘q uzib, harbiy qutlov berildi.

Sobir Rahimovning so‘nggi janggi Polshaning yirik port shahri hisoblangan Dantsig (Gdansk) ostonalarida bo‘lib o‘tdi. 1945 yilning 30 mart sanasida Dantsig shahri nemis-fashist bosqinchilaridan batamom ozod qilindi, dushmanning 10 mingdan ortiq askar va ofitserlari asir olindi, 140 dan ortiq tanklari va o‘ziyurar to‘plari, 358 ta dala to‘plari, 45 suvosti kemalari  va boshqa ko‘plab qurol-yaroq va harbiy texnikasi o‘lja olindi. Dantsig shahri uzra Polshaning milliy bayrog‘i o‘rnatildi. Afsuski, o‘z diviziyasi bilan barcha janglarda qahramonlik ko‘rsatib ishtirok etayotgan general Raximovga g‘alaba onlarini ko‘rish nasib etmadi. Sobir Raximov ushbu janglarda og‘ir yaralandi.

Generalning yaralanishi xususida 65-armiya qo‘mondonligining  1945 yil 27 martdagi xabarnomasida “25 martda 119 millimetrli mina yorilishi natijasida diviziya qo‘mondonining kuzatuv punktida diviziya siyosiy bo‘limi boshlig‘i gvardiyachi polkovnik Smirnov, diviziya aloqasining boshlig‘i gvardiyachi polkovnik Golovanov halok bo‘lishdi. O‘sha paytda diviziya qo‘mondoni gvardiyachi general-mayor Rahimov og‘ir yarador bo‘ldi”, – deya malumot keltiriladi. 1945 yilning 26 mart kuni hushiga kelmagan general gospitalda vafot etdi va dastlab Gdansk shahridagi general Gelguda ko‘chasidagi sovet armiyasi askarlari qabristoniga qo‘mondonlarga xos izzat-ikrom bilan dafn etildi.

Keyinchalik, yani 1945 yil may oyida Tashkentga general Sobir Raximovning hoki olib kelindi. Hozirda Toshkent shahridagi Birodarlik qabristonida Sobir Raximovning ramziy qabri ustida uning byusti qad rostlab turibdi.

General-polkovnik Pavel Batov Sobir Rahimovning qahramonlarcha halok bo‘lishi haqida “Rahimovning ilg‘or qismi Dantsig shahri tomon harakatlanayotgan edi. Shaharga uch chaqirim qolganda Sobir Rahimov radio orqali artilleriya kuzatuvi eriga o‘rmon chekkasiga chiqqani hamda shahar bugun egallanishi to‘g‘risida xabar berdi. Ammo Rahimovga Dantsig shahrini egallash nasib etmadi. 26 mart kuni u dushman snaryadidan og‘ir yaralandi”, deya xotirlagan edi.

Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vaziriligi markaziy harbiy arxivi malumotlariga ko‘ra, general-mayor Sobir Umarovich Raximov o‘zining jangovar faoliyati davomida quyidagi orden va medallar bilan taqdirlanganligi to‘g‘risida malumotlar keltirilgan:

-Qizil Yulduz ordeni, 27 aprel 1936 yil, SSSR Markaziy Ijroiya Qumitasi qarori;

– Qizil Bayroq ordeni, 04 yanvar 1942 yil, Janubiy Front qo‘mondonligi buyrug‘i;

– II darajali Suvorov ordeni, 08 fevral 1943 yil, SSSR Oliy Kengashi Prezidiumi Farmoni;

– Qizil Bayroq ordeni, 14 avgust 179-sonli Buyruq;

–  Qizil Bayroq ordeni, 03 noyabr 1944 yil, SSSR Oliy Kengashi Prezidiumi Farmoni;

– II darajali Kutuzov ordeni, 10 aprel 1945 yil SSSR Oliy Kengashi Prezidiumi Farmoni;

– Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni Lenin ordeni va Oltin yulduz medali bilan birgalikda, 6 may 1965 yil (vafotidan so‘ng).

Sobir Rahimov frontning qay jabhasida bo‘lmasin ona yurti O‘zbekistonni bir zumga bo‘lsa ham unutmadi.

Belorussiya fronti 69-diviziyasining 115-o‘qchilar brigadasi batalonida kichik harbiy shifokor bo‘lib xizmat qilgan Nosir Xo‘jaev 1944 yilning noyabr oyida Sobir Rahimov bilan bo‘lgan uchrashuvi hamda frontda birgalashib o‘zbek milliy kuylaridan “Cho‘li iroq” va “Munojot”ni tinglashgani xususida “Men doimiy hamrohim – nayni chiqarib, avval “Cho‘li iroq”ni, ortidan “Munojot”ni chalib berdim. Sobir Umarovich kuy tamom bo‘lguncha boshini quyi solib, ko‘zini yumib o‘tirdi. Xayrlashar chog‘imizda “Men bugun sizlar bilan suhbatlashib, juda rohat qildim. Xayolan O‘zbekistonda bo‘lgandek bo‘ldim, ertangi jang uchun kuch-qudrat oldim, rahmat sizlarga!”” deya minnatdorchilik bildirgan edi deya xotirlaydi.

Sobir Rahimovning xotirasiga munosabat urushdan keyingi – bugungacha o‘zbek jamiyatida kechgan murakkabliklar, o‘zgarishlarni ko‘rsatib beruvchi o‘ziga xos ko‘rsatkichga aylanganini ham aytish lozim. Chunonchi,

1949 yildayoq Komil Yashin tomonidan “General Rahimov” pesasi yozilib, “temir general” qabri ustida Toshkent, Samarqandning bir necha erlarida, shuningdek, Chimkentda ham haykallar o‘rnatildi. Poytaxt tumanlaridan hamda metro bekatlaridan biri uning nomi bilan ataldi.

Hatto Kaspiy dengizida Krasnovodsk yo‘nalishida general Sobir Rahimov nomi bilan atalgan tanker harakatlanishi yo‘lga qo‘yilgan.

Shuni alohida takidlash kerakki, general sharafiga arxitektor Leon Adamov, haykaltaroshlar S.Babayan hamda A.Rahmatullaevlar hammuallifligida 1981 yilda Toshkent shahrining uning nomi bilan atalgan sobiq Sobir Rahimov (hozirgi Olmazor) tumanida mahobatli haykali o‘rnatildi.

“General Rahimov” kino asari yaratildi. Gdansk shahri general Gelguda ko‘chasidagi qabristonda general-mayor Sobir Rahimov sharafiga maxsus yodgorlik lavhasi o‘rnatilganini ham eslatib o‘tish joiz.

2019 yil 23 oktyabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Ikkinchi jahon urushida qozonilgan g‘alabaning 75 yilligini munosib nishonlash to‘g‘risida” PQ-4495-sonli  qarorni  qabul qilindi va unga asosan 2020 yil 9 may kuni Toshkent shahrida “G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasi va “Shon-sharaf” davlat muzeyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

“G‘alaba bog‘i” yodgorlik majmuasida afsonaviy general Sobir Rahimov va Ikkinchi jahon urushi Qahramoni unvoniga sazovor bo‘lgan hamda Ikkinchi jahon urushi frontlarida mardligi va jasurligi uchun nufuzli orden-medallarga sazovor bo‘lgan 14 nafar vatandoshlarimiz xotirasiga atab “Mangu jasorat” kompozitsiyasi qad rostladi.

Ikkinchi jahon urushi janggohlaridagi ko‘rsatgan jasorati va matonati tufayli “Temir general” nomi bilan tanilgan Sobir Rahimovning mardligi va qahramonligi o‘sib kelayotgan yosh avlodni jasur va mard bo‘lib kamol topishga, Vatani va millatiga sadoqat va qatiyat bilan xizmat qilishga undaydi.

 

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"QIZIL BAYROQ" ORDENI

"1,2,3-DARAJALI SUVOROV" ORDENI

"1,2,3-DARAJALI KUTUZOV" ORDENI

"QIZIL YULDUZ" ORDENI

"KAVKAZ MUDOFAASI UCHUN" MEDALI​