AKIMOV MIXAIL PAVLOVICH
gvardiya kichik serjanti, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi qahramoni (25.09.1944)
1925-yilning 25-noyabrida SSSRning Samara guberniyasi Suponevo qishlogida rus dehqon oilasida tug‘ilgan.
O‘rta maktabning 7 sinf ma’lumotiga ega, kolxozda ishlagan.
U 1943-yilning yanvar oyida O‘zbekiston SSRning Namangan viloyati Yangiqo‘rg‘on tuman harbiy komissarligi tomonidan Qizil Armiya safiga chaqirildi. Uch oy davomida zahira polkida minometchilikka o‘qigan. 1943-yilning iyunidan frontda jang qilgan. G‘arbiy, Janubiy-G‘arbiy, Janubiy, 4-Ukraina, 1 va 3-Belorusiya frontlarida jangga kirgan. U ikki marotaba yaralangan va kontuziya olgan. U 54-o‘qchi gvardiya diviziyasining 125-gvardiya artilleriya polkida nishonga yo‘naltiruvchi bo‘lib xizmat o‘tagan.
1944-yilning 8-iyulida Lesnaya stansiyasining janubi-g‘arbida (Brest viloyati, Baranovich tumanida), nemis qo‘shinlari 54-o‘qchi gvardiya diviziyasi joylashgan joylarga qarshi hujum qilishdi. Dushman piyoda hujumi 15 tank va o‘ziyurar to‘p ko‘magida amalga oshirildi. Nishonga yo‘naltiruvchi Akimovning hisobi hujum qilayotgan tanklarga qarata to‘pni mo‘ljallab, birinchi snaryad bilan 300-400 metr masofadagi dushman tankini yakson qildi. Keyingi jangda esa boshqa hisoblar ishdan chiqdi. Yakka tartibda harakatlangan Mixail Akimov dushmanning yana uchta tankini yakson qildi, hamda hujum qilayotgan piyodalarni parchalanuvchi snaryadlar bilan o‘qqa tutdi. U yaralandi va hushini yo‘qotdi, biroq egallangan joylar boy berilmadi. Bir yarim oy gospitalda davolandi.
1945-yilning yanvar oyida Akimov Sumi artilleriya bilim yurtiga o‘qishga yuborildi. Biroq, olingan jarohatlar va kontuziya oqibatida, 1946-yilning noyabrida, sog‘ligi holatiga ko‘ra, armiya safidan chiqarildi.
Samara un va don mahsulotlari texnikumini tamomlab, Vladimir shahrida faoliyat yuritgan. 1951-yilning yakunida u Sum shahriga ko‘chib keldi va regenerat zavodida temirga ishlov beruvchi ishchi bo‘lib ishladi.
1983-yilning 8-martida vafot etgan va Ukraina SSR Sumi shahri Markaziy qabristoniga dafn etilgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yilning 25-sentyabridagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorat va qahramonligi uchun” gvardiya kichik serjanti Mixail Pavlovich Akimov “Lenin” ordeni va “Oltin Yulduz” (5103-raqamli) medali taqdim etilgan holda “Sovet Ittifoqi Qahramoni” unvoni bilan taqdirlangan.
Sumi shahri “Stalingradning Qahramonlari” nomli ko‘chasida joylashgan Shon-sharaf hiyobonidagi ushbu shahar bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa jangchilar qatorida Mixail Pavlovich Akimovning portreti ham bor.