KULESHOV VLADIMIR KUZMICH
kapitan, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (4.02.1944)
1918-yil 5-yanvarda O‘zbekiston SSRning Namangan viloyatida tug‘ilgan. Texnik maktabni va Fuqarolik havo flotining Balashov Birlashgan uchuvchilar va aviatsiya muhandislik maktabida ikki kursni tugatgandan so‘ng, fuqaro aviaqatnovlarida uchuvchi bo‘lib ishlagan.
1940-yildan Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan. Odessa oliy harbiy aviatsiya uchuvchilar maktabini bitirgan.
Ikkinchi jahon urushida Voronej frontining 2-havo armiyasi 5-qiruvchi aviatsiya korpusi 8-gvardiya qiruvchi havo diviziyasi 40-gvardiya qiruvchi havo polkining shturmani bo‘lgan. Janglarda ikki marta yaralangan.
1943-yilning sentabriga kelib 351ta jangovar parvozni amalga oshirgan, 73ta havo jangida qatnashgan, 16ta dushman samolyotini shaxsan o‘zi va 5tasini guruh tarkibida urib tushirgan. 1943-yilning 3-noyabrida Ukraina SSRning Kiyev viloyatidagi jangda halok bo‘lgan. Kiyev viloyatining Gostomel qishlog‘ida dafn etilgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1944-yil 4-fevraldagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, kapitan Kuleshov Vladimir Kuzmich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.