KOSTIKOV FEDOR MIXAILOVICH
podpolkovnik, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Sovet Ittifoqi Qahramoni (15.05.1946)
1920-yil 23-fevralda Tula viloyati, Krapivenskiy tumani, Sergiyevskoye qishlog‘ida tug‘ilgan. 1931-yildan Moskvada yashagan. 1936-yilda maktabning 8-sinfini, 1938 yilda – 230-FZU fabrika maktabini tamomlagan. Moskvadagi 6-zavodda mexanik bo‘lib ishlagan. 1940-yilda “Metrostroy” uchuvchi klubini tugatgan.
1941-yildan Qizil Armiya safida. 1941-yil iyulda Armavir uchuvchilar harbiy-aviatsiya maktabini tugatadi. Harbiy-havo kuchlarining (Uzoq Sharq fronti) jangovar bo‘linmalarida xizmat qilgan.
1943-yil apreldan boshlab Ikkinchi jahon urushida qatnashgan. Shimoliy Kavkaz, Janubiy, 4-chi Ukraina, 3-va 1-Belorusiya frontlarida jang qilgan. Kuban, Ukraina janubi, Qrim va Belorussiyani ozod qilishda, Vislo-Oder, Sharqiy Pomeraniya va Berlin operatsiyalarida qatnashgan.
Urushda Yak-7, Yak-1 va Yak-9 qiruvchi samolyotlarida 223 ta jangovar parvozlar qilgan, 69 ta havo jangida dushmanning 15 ta samolyotini shaxsan o‘zi va 9 tasini guruh tarkibida urib tushirgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1946-yil 15-maydagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, podpolkovnik Kostikov Fedor Mixailovich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
73-chi havo kuchlari (Turkiston harbiy okrugi) boshqarmasida xizmat qilgan: shtabning operatsion bo‘limida katta ofitser (1956-1959), qo‘mondonlik punkti tezkor navbatchisi (1959-1960). 1960-yil aprel oyidan boshlab zahirada.
1995-yil 25-oktabrda vafot etgan. Moskvadagi Vostryakovskiy qabristoniga dafn qilingan.