DOLJANSKIY YURIY MOISEYEVICH

 gvardiya katta leytenanti, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi,  Sovet Ittifoqi Qahramoni (16.10.1943)

1923-yil 31-mayda Veselye Terny qishlog‘ida (hozirgi Krivoy Rog shahrida) ishchi oilasida tug‘ilgan. Yahudiy.
Urushgacha Namangan viloyatida yashab, tahsil olgan va Namangan shahar harbiy komissarligi tomonidan harbiy xizmatga chaqirilgan.
1941-yil iyul oyida Krivorojsk konchilik institutining elektromexanika fakulteti talabasi Y.M.Doljanskiy Qizil Armiya safiga chaqirilgan. 1942-yilda harbiy-siyosiy maktabni tugatgan.
Bryansk va Markaziy frontlarda jang qilgan. Volga, Kursk janglarida va Ukrainaning chap sohillarini ozod qilishda qatnashgan. Uning harbiy mahorati Dnepr uchun bo‘lgan jangda namoyon bo‘lgan.
1943-yil 26-sentyabrda Yuriy Doljanskiy birinchi ko‘ngillilar qatorida Kiyev viloyatining Chernobil tumanidagi Parijev qishlog‘i yaqinida Dneprni kechib o‘tadi.
Bo‘linma daryoni qo‘qqisdan kechib o‘tishga va Dneprning o‘ng qirg‘og‘idagi “kichik hudud” ni mustahkam egallashga ulguradi.
Bu holni kutmagan fashist o‘qchilari birinchi hujumni boshlaydilar. Katta leytenant Y.M.Doljanskiy bir guruh askarlar bilan yaqinlashib kelayotgan dushmanga to‘qnashib, olov, qo‘ndoq va nayzalari bilan qarshilik ko‘rsatadi hamda dushmanni halok bo‘lganlar va yaradorlarni qoldirib, orqaga chekinishga majbur qiladi.
Ko‘p o‘tmay desantchilarni birdaniga o‘qqa tutish boshlanadi. Keyin zirhli mashinalar panasida fashistlar oldinga harakatni boshlaydi. Y.M.Doljanskiy dushmanning o‘ziyurar artilleriya qurilmasini tankka qarshi quroldan aniq nishonga olib, yo‘q qilishga muvaffaq bo‘ladi. Bir nechta zirhli mashinalar qulay pozitsiyaga joylashgan jangchilar tomonidan yakson qilinadi. Fashistlarning o‘qchilari 20-30 metrga yaqinlashganda, buyruqqa binoan ular tomon granatalar otiladi. Portlashdan keyin Y.M.Doljanskiy okopdan sakrab chiqadi. Uning ortidan qurol ushlashga qodir har bir askar fashistlar bilan qonli jangga kiradi. Dushman shafqatsiz hujumga dosh berolmadi. Yuzga yaqin fashistlar yo‘q qilinadi. Yana bir hujum qaytariladi.
Chernigov viloyati, Boronensk tumani, Berestovets qishlog‘i yaqinida
300 dan ortiq nemislar tanklar va samolyotlar ko‘magida hujumga o‘tadi. Ana shunday qaltis vaziyatda Doljanskiy shaxsiy tarkibni ruhlantirib, kuch jihatdan teng bo‘lmagan dushmanni to‘xtatishga erishadi. Shuningdek, Furmanka qishlog‘i uchun kechgan janglarda shaxsan o‘zi uch nafar nemis askarini asirga oladi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943-yil 16-oktyabrdagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, gvardiya katta leytenanti Yuriy Moiseevich Doljanskiy Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Ammo jasur ofitserga tirikligida Vatanning munosib mukofotiga sazovor bo‘lish nasib etmadi. 1943-yil 27-noyabrda Yuriy Moiseyevich Doljanskiy jangda halok bo‘ladi. U Kiyevda Ikkinchi jahon urushi askarlarining abadiy shon-sharaf bog‘iga dafn etilgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

2-darajali Vatan urushi ordeni

«Qizil yulduz» ordeni

«Jasorati uchun» medali