CHARIKOV MIXAIL PAVLOVICH

 katta serjant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (22.02.1943)

1919-yil 22-dekabrda hozirgi Ryazan viloyati Yermishinskiy tumanidagi Muxina Polyana qishlog‘ida tug‘ilgan. Azeyevskaya o‘rta maktabini bitirgan. 1939-yil may oyida ota-onasi bilan Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahriga ko‘chib kelgan.
1939-yilda Yangiyo‘l tumani harbiy komissarligi tomonidan Qizil Armiya safiga chaqirilgan. Polk maktabini tugatgan va G‘arbiy Ukrainada mamlakat chegaralarida joylashgan 15-mexanizatsiyalashgan korpus diviziyalaridan birining KV tanki haydovchisi etib tayinlangan.
Ikkinchi jahon urushining birinchi kunlardan boshlab janglarda qatnashgan. Lvov shahri hududida Adama va Busk aholi yashash punktlari yaqinidagi birinchi jangida Charikov ekipaji to‘rtta og‘ir orudiyani, uchta tankka qarshi pushkani va 40 tagacha fashistlarni yo‘q qiladi.
Jangda tankning yurish qismi shikastlanadi, lekin tezda tuzatib, jangga qaytadi va tankchilar ikkita, ot uloviga qo‘shilgan artilleriya batareyasini, ikkita kuzatuv punktini va 50 tagacha dushman askarini yo‘q qiladi.
1941-yil sentabrdan boshlab, 8 va 10-tanklar diviziyalaridan qolgan tarkibdan tashkil etilgan 131-tank brigadasi tarkibida jang qiladi. Janubiy frontda Ukrainaning Donetsk viloyati hududidagi mudofaa janglarida qatnashgan.
1942-yil 9-fevralda Znamenka uchun bo‘lgan jangda, hujumda tank minaga tushadi. Portlash shassi va boshqaruv tutqichlariga zarar yetkazadi. Tank o‘t otish nuqtasiga aylanadi. Joydan turib, piyoda askarlarining oldinga siljishiga yordam beradi. Ekipaj 11 soat davomida tankda qolib, faqat qorong‘u tushgandan keyin tankni jang maydonidan olib chiqadi. 1942-yil 19-fevralda Bezabotka va Ocheretino janglarida ekipaj 3 ta tankga qarshi orudiyani, bitta 75 millimetrlik pushkani va 15 tagacha dushmanni yo‘q qiladi. Jangda Charikov tankiga termik snaryad kelib tegadi. Charikovning ko‘zi ko‘rmay qoladi, lekin tankni tashlamaydi va ekipaj a’zolarining buyrug‘i bilan tankni, so‘nggi nafasigacha jangga xaydab boradi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943-yil 22-fevraldagi Farmoniga binoan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, katta serjant Mixail Pavlovich Charikov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan (vafotidan so‘ng).

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"JASORATI UCHUN" MEDALI