BOBOYEV TOJIALI BOBOYEVICH 
kichik serjant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (31.05.1945)

1908-yil 27-fevralda Marg‘ilon shahrida (hozirgi Farg‘ona viloyati) dehqon oilasida tug‘ilgan. O‘zbek. Boshlang‘ich maktabni tugatgan, Marg‘ilon shahrida to‘quvchi bo‘lib ishlagan.
1943-yil martdan Qizil Armiya safida. 1943-yil may oyidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Donbass ozod qilinishida qatnashgan.
1943-yil sentyabrda Konstantinovka (Donetsk viloyati) shahrini ozod qilinishi uchun kechgan janglarda Boboyev sakkizta fashistni yo‘q qildi va bo‘linmasini hujumga ko‘tardi.
Keyingi janglarda u Dneprni kechib o‘tishda qatnashgan. Yarador bo‘lgan. Gospitalda davolangandan so‘ng, u frontga qaytdi. Polshani ozod qilinishida va Germaniyadagi urushlarda qatnashgan.
1-Belorussiya frontidagi 5-zarbdor armiya 266-o‘qchilar diviziyasi 1006- o‘qchilar polki pulemyotchisi, kichik serjant Boboev 1945-yil 19-aprelda Vritsen shahridan (Germaniya) 12 kilometr janubroq masofada joylashgan Ringenvald qishlog‘i yaqinidagi jangda jonbozlik ko‘rsatdi.
Dushman mudofaasini yorib o‘tish paytida, kichik serjant Boboev dushman pulemyotiga sekin yaqinlashib uni yakson qildi va shu bilan vzvod harakatini davom etishiga imkon berdi. U yarador bo‘ldi, ammo safni tark etmadi.
1945-yil 23-aprelda Berlindagi ko‘cha janglarida u birinchi bo‘lib Sileziya temir yo‘l stansiyasi binosi ustiga qizil bayroqni o‘rnatdi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 31-maydagi Farmoniga binoan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun” kichik serjant Boboev Tojiali Boboevich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
1945-yilda demobilizatsiya qilindi. U Marg‘ilon shahrida yashagan. 1984-yil 26-mayda vafot etdi.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"1-DARAJALI VATAN URUSHI" ORDENI

"MEHNAT QIZIL BAYROG'I" ORDENI