BERNATSKIY DMITRIY VASILYEVICH
gvardiya kapitani, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (27.06.1945)
1912-yil 24-iyulda Streshin qishlog‘ida (hozirda Belarusiyaning Gomel viloyati Jlobin tumani) dehqon oilasida tug‘ilgan. Rus. Fabrika-shogirdlik maktabini tugatgan. O‘zbekiston SSR Qoraqalpoq ASSR To‘rtko‘l shahrida yashagan, hisobchi bo‘lib ishlagan.
1941-yilda To‘rtko‘l shahar harbiy komissarligi tomonidan Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan. 1942-yilda Orlov harbiy piyoda bilim yurtini tugatdi va frontga yuborildi.
1945-yil yanvariga qadar kapitan Dmitriy Bernatskiy 1-Ukraina fronti 5-gvardiya armiyasi 4-gvardiya o‘qchilar diviziyasi 38-gvardiya polki 3-o‘qchilar batalyoni katta adyutanti edi. U Polsha ozodligi uchun kechgan jangda jonbozlik ko‘rsatdi.
1945-yil 20-yanvardan 21-yanvarga o‘tar kechasi Bernatskiy bir guruh jangchilar bilan birga Eyhenrid qishlog‘i (hozirgi Levin-Bjeski, Polsha) yaqinida birinchilardan bo‘lib Oberni kechib o‘tdi va platsdarmni qo‘lga kiritdi. Bernatskiy shaxsan dushmanning beshta qarshi hujumini qaytarishga boshchilik qildi. Ushbu jangda u og‘ir yaralanib, o‘sha yerda vafot etdi. U Polshaning Opolsk voevodstvasi Klyuchbork shahrida dafn etilgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 27-iyundagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun” gvardiya kapitani Bernatskiy Dmitriy Vasilyevich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan (vafotidan so‘ng).