BARANOV NIKOLAY ANDREYEVICH
mayor, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (26.10.1943)
1893-yil 12-noyabrda Moskvada xizmatchilar oilasida tug‘ilgan. 1913-yilda 1-Moskva g‘aznachilik real maktabini bitirgan.
1913-yildan Rossiya imperatorlik armiyasida. 1915-yilda Moskvadagi Aleksandr harbiy bilim yurtini tugatgan.
25-Turkiston piyoda polkining tarkibida (G‘arbiy front) Birinchi jahon urushi qatnashchisi, shtabs-kapitan. 1917-yil yozidan u xizmatdan Moskvaga qaytdi. 1917-yil kuzidan boshlab, u Petrovskiy qishloq xo‘jaligi akademiyasida (hozirgi Moskvadagi Timiryazev qishloq xo‘jaligi akademiyasi) tahsil oldi.
1922-1924 yillarda 1-alohida Turkiston otliq brigadasi shtab boshlig‘i.
1924-yil avgustdan – zaxirada. U Namangan, Buxoro, Samarqand va Toshkent shaharlarida yashagan. Qorako‘l tayyorlash artelida buxgalter-hisobchi va O‘zbekiston sanoat kengashining qurilish materiallari bo‘yicha muhandis-maslahatchisi bo‘lgan.
1941-yil iyul oyida Toshkent shahri Kuybishev tumani harbiy komissarligi tomonidan armiyaga chaqirilgan.
1941-yil avgust – oktyabr oylarida – 9-zaxira o‘qchilar polkining batalyon komandiri o‘rinbosari (O‘rta Osiyo harbiy okrugi). 1941-yil oktyabrda O‘rta Osiyoda tashkil etilgan 793-o‘qchilar polkining shtab boshlig‘i etib tayinlandi.
1943-yil mart oyidan 793-o‘qchilar polkining shtab boshlig‘i (Voronej fronti) sifatida Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi.
1943-yil avgust oyidan 213-o‘qchilar diviziyasi (Stepnoy va 2-Ukraina frontlari) shtab tezkor bo‘linmasi boshlig‘i.
Dneprni kechib o‘tishda jonbozlik ko‘rsatdi. 1943-yil 27-sentyabrga o‘tar kechasi, diviziya shtabi tezkor guruhi boshlig‘i sifatida Dnepr daryosidan o‘tdi va polklarning Dneprovokamenka qishlog‘i (SSSR Dnepropetrovsk viloyati, Verxedneprovskiy tumani) yaqinidagi o‘ng qirg‘oqda platsdarm yaratishi, kengaytirishi va ushlab turishi bo‘yicha harakatlariga boshchilik qildi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943-yil 26-oktyabrdagi Farmoni bilan “Qism va birlashmalarni mohirlik bilan boshqarganligi hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, mayor Nikolay Andreyevich Baranov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
1945-yil 18-iyunda vafot etdi. U Lvov shahridagi (Ukraina SSR) Lichakovskiy qabristoniga dafn etilgan.