AXMIROV QOSIM SHABANOVICH
 kichik leytenant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (17.10.1943)

 1923-yil 24-yanvarda Altata (hozirgi Saratov viloyati Dergachevskiy tumani) tatar qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. Tatar. 1934-yilda u oilasi bilan Qozog‘istonning 62-sonli Krasnovskiy sovxoziga ko‘chib keladi. U yerda rus maktabida ta‘lim olgan. Ma‘lumoti to‘liqsiz o‘rta. 1941-yilda 7-sinfni tugatdi.
1942-yil 23-martda O‘zbekiston SSR Qashqadaryo viloyatining Kitob tuman harbiy komissarligi tomonidan Qizil Armiya safiga chaqirildi. 1942-yil 15-apreldan 1942-yil 1-iyulgacha Voronej frontining kichik leytenantlar kurslarida o‘qidi. 1942-yil 1-iyuldan o‘qchi vzvodi komandiri.
383-o‘qchi polkining o‘qchi vzvodi komandiri (Markaziy front, 60-armiya, 121-o‘qchi diviziyasi) kichik leytenant Qosim Axmirov 1943-yil sentabrda Ukrainaning Sumi viloyati, Konotop shahrining sharqida bo‘lib o‘tgan janglarda alohida jonbozlik ko‘rsatadi.
Chumakovo qishlog‘i uchun kechgan jangda, o‘qchilar rotasi komandiri halok bo‘ladi, kichik leytenant Axmirov rota boshqaruvini qo‘lga oldi hamda jangchilarni hujumga ko‘tardi va jangovar vazifani sharaf bilan bajardi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943-yil 17-oktabrdagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, kichik leytenant Axmirov Qosim Shabanovich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Vengriyadagi janglar tugagach, Q.Sh.Axmirov Vengriyaning Sekeshexervar shahrida komendant yordamchisi bo‘lgan. 1945-yil noyabrda u ofitserlar malakasini oshirish kurslarini tugatdi. 1946-yil sentabr oyidan boshlab katta leytenant Q.Sh.Axmirov zaxiraga chiqarildi.
U O‘zbekistonning Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahriga qaytib keldi. Shahrisabz konserva zavodida ishlagan.
Qosim Shabanovich Axmirov 1951-yil 6-iyunda Amur viloyati Belogorsk shahrida xizmat majburiyatlarini bajarish vaqtida vafot etdi.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"QIZIL BAYROQ" ORDENI

"LENIN" ORDENI

"1941-1945 YILLAR VATAN URUSHIDA GERMANIYA USTIDAN QOZONILGAN G'ALABA" MEDALI

"1-DARAJALI VATAN URUSHI" ORDENI

"Berlinni qo'lga olish uchun" medali

"Pragani ozod qilish uchun" medali