VALIYEV G’ANI

katta serjant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, “Shuxrat” ordenining to‘liq sohibi (15.05.1946) 

1924-yil 15-iyul Namangan viloyati Namangan tumani Ko‘rmak qishlog‘ida dexqon oilasida tug‘ilgan. O‘zbek.
O‘zbek SSRning Namangan viloyoti Namangan harbiy komissarligidan Qizil Armiya safiga chaqirilgan. 1942-yil dekabr oyidan Ikkinchi jahon urushida qatnashgan. Stalingrad va Janubiy frontlarida jang olib borgan, Stalingrad urushi qatnashchisi.
1943-yil 12-avgustda Donbassni ozod qilishda va 1944-yil 11-avgustda Polshada gi janglarda 2 marta yaralangan. Sog‘aygandan so‘ng 1943-yil va urush ohirigacha 4-Ukraina frontining 28-armiyasi, 61-o‘qchilar diviziyasi, 66-mm o‘qchilar polki, 1944-yil iyunidan 1chi Belorus, 1944-yil oktabridan 1-Belorus va 1945-yil aprelidan 1-Ukraina frontlarida jang olib borgan.
O‘qchi 66-o‘qchilar polka (1-Belorus fronti, 28-armiya, 128-o‘qchilar korpusi, 61-o‘qchilar diviziyasi) qizil armiya jangchisi Valiyev G‘ani Narev daryosi qirg‘ogo‘idagi Serkovo platsdarmini egallash va kengaytirish uchun janglarda ishtirok etgan.
1944-yil 8-sentabr kuni o‘z bo‘linmasi jangchilari bilan birinchilardan bo‘lib Serotsk shaxari yaqinidagi Narev daryosini kechib o‘tib, daryo qirg‘ogo‘idan bo‘linmasini hujumga boshlaydi va dushman transheyasiga yorib kirib, qo‘l jangiga kirishadi. Bu mardonavor harakatlari hududdagi platsdarmni qo‘lga kiritishga imkon yaratadi. 8 va 9-sentabr kunlari daryoning o‘ng qirg‘og‘idagi platsdarm uchun dushmanning 4 ta qarshi hujumni qaytaradi. Shaxsan o‘zi 17 ta nemis askarini va 1 ta ofitserini yo‘q qiladi.
61-o‘qchilar diviziyasi qo‘mondonining 1944-yil 27-sentabrdagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, Qizil Armiya jangchisi Valiyev G‘ani III-darajali “Shuxrat” ordini bilan taqdirlangan.
Sharqiy-Prussiya hujum operatsiyasini boshlashga qulay hududni egallash uchun olib borilgan mahalliy janglarda 66-o‘qchilar polki o‘qchi bo‘linmasi komandiri kichik serjant Valiyev G‘ani jonbozlik ko‘rsatadi. 1944-yil 9-noyabr kuni Gumbinnen shaxri (Sharqiy Prussiya) ostonasida dushmanning kuchli olovi ostida o‘zining bo‘linmasini hujumga boshlaydi, nemis transheyasiga birinchilardan bo‘lib yorib kiradi va qo‘l jangiga kirishib 2 ta askarni yo‘q qiladi. Shu jangda nemis serjantini asir olgan.
9-noyabr kuni Shmulken qishlog‘ida uning bo‘linmasi dushmanning kutilmagan hujumiga duch keladi, lekin jangchilar o‘zini yo‘qotib qo‘ymasdan dushmanni munosib kutib oladi. 8 ta o‘lgan askarini ko‘rgan nemeslar yotib olishadi, shu vaqtda Valiyev guruhini qarshi hujumga boshlaydi. Qo‘l jangida kichik serjant Valiyev o‘zi 2 ta askarni yo‘q qiladi va 1 tasini asirga oladi. Bo‘linma jangchilari bir nechta nemis jangchilarini yakson qiladi.
1944-yil 18-dekabrda 28-armiya qo‘shinlari qo‘mondonining buyrig‘i bilan “Jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, II-darajali “Shuxrat” ordeni bilan taqdirlangan.
66-o‘qchilar polki piyoda razvedkasi vzvodi komandirining yordamchisi serjant Valiyev G‘ani, Berlindagi xujum operatsiyasida mardlarcha jang qilgan.
1945-yil 27-aprelda Berlinni shturm qilishda o‘zining razvedchiklari bilan, shturm guruhlarini oldinga harakatini to‘sib qo‘yish uchun binoga joylashgan dushman o‘t ochish nuqtasini yakson qiladi. Razvedkachilar xayotini xatarga qo‘yib o‘t ochish nuqtasiga yaqin borib, o‘t ochish nuqtasini nemis askarlari bilan birga portlatib yuborishadi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1946-yil 15-maydagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, katta serjanti Valiyev G‘ani I-darajali «Shuxrat» ordeni bilan taqdirlangan.
1946-yil aprel oyida serjant Valiyev G‘ani zahiraga bo‘shatilgan va Namangan shaxrida yashagan.

"SHUXRAT" ORDENINING TO'LIQ SOHIBI