KRUTIXIN VIKTOR PAVLOVICH
Kapitan Krutixin Viktor Pavlovich, 1921-yil 20-oktabrda Tyumen shahrida tug‘ilgan, millati rus, ma’lumoti tugallanmagan o‘rta, Leningrad shahridagi o‘rta maktabning 8-sinfini tamomlagan.
Xizmatni 1941-yil iyul oyida 1-Leningrad harbiy piyoda askarlar bilim yurti kursanti sifatida boshlagan, o‘qishni tamomlaganidan so‘ng Ural harbiy okrugi, so‘ng Volgabo‘yi harbiy okrugining 231-o‘qchi diviziyasi 623-o‘qchi polkining rota komandiri o‘rinbosari etib tayinlangan. 1942-yilda Stalingrad frontining 66-maxsus armiyasi 231-o‘qchi diviziyasi 623-o‘qchi polkining tankka qarshi qurol rotasi komandiri. 1942-yil noyabr oyida og‘ir jarohatdan so‘ng 2799-sonli evakuatsiya gospitalida (Gorkiy sh.) davolanishda bo‘lgan. Sog‘lig‘i tiklangandan so‘ng Moskva harbiy okrugi kadrlar bo‘limining zaxira vzvodi komandiri, 1943-yil yanvar oyidan esa Kiev harbiy okrugida oshpazlar tayyorlash bo‘yicha okrug kurslarida vzvod komandiri etib tayinlangan.
Harakatdagi armiya tarkibida fashizmga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etganligi uchun va xizmat faoliyati davomida “II darajali Vatan urushi” ordeni va “Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun”, “Stalingrad mudofaasi uchun”, “Jangovar xizmatlari uchun”, “Armiya va Flotga 30 yil” medallari bilan taqdirlangan.