IXSANOV BORIS IDRISOVICH
Podpolkovnik Ixsanov Boris Idrisovich, 1917-yil 5-mayda Toshkent viloyatining Quyichirchiq tumani Chingiz qishlog‘ida tug‘ilgan, millati tatar, ma’lumoti oliy, 1940-yilda O‘zbekiston davlat universitetini tamomlagan.
1941-yilning dekabr oyida Stalingrad harbiy okrugining Siyosiy boshqarmasi qoshidagi kichik siyosiy rahbarlarni tayyorlash kursida tahsil oladi. O‘qishni tamomlagandan so‘ng 1943-yilning noyabr oyiga qadar Volxov fronti tarkibidagi 288-o‘qchilar diviziyasining 1016-o‘qchilar polki siyosiy qismida siyosiy ishlar bo‘yicha rahbar, keyinchalik komandir o‘rinbosari lavozimlarida xizmat qiladi. 1943-yilning noyabr oyidan 1944-yilning aprel oyiga qadar Kareliya fronti tarkibidagi “SMERSH” kontrrazvedka boshqarmasi operativ kurslarida tahsil oladi. 1944-yilning aprel oyidan 1945-yilning mart oyiga qadar Kareliya fronti tarkibidagi “SMERSH” kontrrazvedka boshqarmasida operativ vakil lavozimiga tayinlanadi. 1945-yilning iyun oyiga qadar Kareliya fronti tarkibidagi 32-o‘qchilar zenit-artilleriya divizionida “SMERSH” kontrrazvedka boshqarmasida operativ vakili lavozimida xizmat qiladi.
Harakatdagi armiya tarkibida fashizmga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etganligi uchun va xizmat faoliyati davomida “Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun”, “Yaponiya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun”, “Jangovar xizmatlari uchun”, “II darajali benuqson xizmatlari uchun” medallari bilan taqdirlangan.