ATAMURADOV DJURA
Mayor Atamuradov Djura, 1919-yil 10-yanvarda Samarqand viloyatining Xatirchi tumanida tug’ilgan, millati o‘zbek, ma’lumoti oliy, 1934 -yilda o‘rta maktabning 10-sinfini, 1963-yilda Toshkent pedagogika institutini tamomlagan.
1940-yil oktabrda 19-o‘qchilar diviziyasi 103-gaubitsa artilleriya polki tarkibida bateriya boshqarmasida vzvod komandiri yordamchisi sifatida harbiy xizmatni boshlagan. 1942-yil fevral oyida Bryansk harbiy-siyosiy bilim yurtini tamomlab, Bosh qo‘mondonlik tarkibida 112-minomyotchilar polkiga komissar etib tayinlanadi. 1942-yil aprel oyiga qadar 27-artilleriya polki zaxirasiga joylashtiriladi. 1942-yil aprel-1944 -yil yanvar oylarida Bryansk fronti bosh qo‘mondonligi tarkibida zaxiradagi 1144-gaubitsali artilleriya polki batareya komissari lavozimida xizmatni davom ettiradi. 1944-yilning oktabr oyida Zabaykale fronti qoshidagi kichik leytenantlar okrug kurslaridagi tahsilidan so‘ng 2-Boltiqbo‘yi fronti 29-gvardiya o‘qchilar diviziyasi minomyotchilar rotasi, 90-gvardiya o‘qchilar polki komandiri lavozimlarida xizmat qiladi. 1945-yilning mart-aprel oylari davomida 342-evakuatsiya gospitalida davolanib, xizmatdan Qurolli Kuchlari zaxirasida bo‘shatiladi.
Fashizmga qarshi jangovar harakatlarda harakatdagi armiya tarkibida bevosita ishtiroki hamda xizmat faoliyati davrida “Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun”, “Jangovar xizmatlari uchun”, “Jasurligi uchun”, “I va II darajali benuqson xizmatlari uchun”, “Qurolli Kuchlarga 40 yil”, “Armiya va Flotga 30 yil” medallari bilan taqdirlangan.