VALEYEV AGZAM ZIGANSHEVICH
polkovnik, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni.(15.05.1946)
1919-yil 10-aprelda Kargali qishlog‘ida (hozirgi Tatariston Respublikasining Chistopol tumani) tug‘ilgan. Boshlang‘ich maktabni va ishlab chiqarish amaliyoti maktabini tugatgach, Toshkentdagi zavodda mexanik bo‘lib ishlagan. Shu bilan birga uchuvchilar klubida o‘qigan.
1938-yildan Qizil Armiya safida. 1940-yilda Orenburg harbiy aviatsiya uchuvchilar bilim yurtini bitirgan. 1941-yil iyunidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. Urushning so‘nggiga qadar, Valeyev 501 ta jangovar parvozni amalga oshirgan, 25 ta havo jangida qatnashgan, shaxsan o‘zi 4 ta dushman samolyotini va yana 3 tasini guruh tarkibida urib tushirgan.
1945-yilda oliy ofitserlar uchish-taktik maktabini, 1952-yilda harbiy havo kuchlari akademiyasini tugatgan. Harbiy-havo kuchlarida xizmat qilgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1946-yil 15-maydagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun” polkovnik Valeyev Agzam Ziganshevich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
1971-yildan polkovnik A.Z. Valeyev – nafaqaga chiqqan. Bir muncha vaqt Arxangelskda yashagan. 1986-yilda vafot etgan.