POPOV ALEKSANDR IVANOVICH
Polkovnik Popov Aleksandr Ivanovich, 1917-yil 29-avgustda Vologda viloyatining Babushkin tumanida tug‘ilgan, millati rus, ma’lumoti o‘rta, 1933-yilda o‘rta maktabning 8-sinfini, 1952-yilda Toshkent okrugi ofitserlar uyi qoshidagi marksizm va leninizm kechki universitetini tamomlagan.
1939-yilning dekabr oyidan 1941-yilning may oyigacha bo‘lgan davrda Boltiqbo‘yi maxsus harbiy okrugi 125-o‘qchilar diviziyasining 749-o‘qchilar polkida siyosiy masalalar bo‘yicha rota rahbari lavozimida xizmatni o‘tagan. 1941-yil iyulda G‘arbiy front tarkibidagi 9-alohida tank polkida rota harbiy komissari sifatida faoliyat olib borgan. 1942-yilda G‘arbiy front tarkibidagi 11-mototsiklchilar polkining 3-rota komissari bo‘lgan.
1942-yilning iyul oyida yaralanib, 4156-sonli evakuatsiya gospitalida davolanadi. Sog‘lig‘ini tiklagandan so‘ng Kalinin va Shimoliy-Kavkaz frontlari tarkibidagi 3-zarbdor armiyaning 221-alohida tankchilar polkida 1-tankchilar rotasining komandir o‘rinbosari etib tayinlanadi. 1943-yilning iyun oyidan 1945-yilning avgust oyigacha Kalinin va Boltiqbo‘yi frontlari tarkibidagi 4-zarbdor armiyasining “SMERSH” kontrrazvedka bo‘limining 4-bo‘linmasi operativ xodimi lavozimida xizmat qiladi.
Harakatdagi armiya tarkibida fashizmga qarshi jangovar harakatlarda ishtirok etganligi uchun va xizmat faoliyati davomida “Qizil Yulduz”, “Qizil bayroq”, “II darajali Vatan urushi” ordenlari, “Germaniya ustidan qozonilgan g‘alaba uchun”, “Kavkaz mudofaasi uchun”, “Jangovar xizmatlari uchun”, “I darajali benuqson xizmatlari uchun”, “Ulug‘ Vatan urushida qozonilgan g‘alabaga 20 yil”, “Armiya va Flotga 30 yil”, “Qurolli Kuchlarga 40 va 50 yil” medallari bilan taqdirlangan.