ISHANKULOV ABDUSATTAR
katta leytenant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi qahramoni (18.08.1945)
1917-yil 29-noyabrda Toshkent shahrida tug‘ilgan. O‘zbek. 1934-yilda O‘rta Osiyo davlat universiteti Mehnat fakultetining 3-kursini tugatgan. Toshkent to‘qimachilik fabrikasida, to‘quv ustasi yordamchisi bo‘lib ishlagan.
Qizil Armiya safida 1937-yilning avgustidan xizmat qilgan. 1939-yilda Volsk harbiy aviatsiya-texnika bilim yurtini bitirgan. 1941-yilgacha – Lipetsk Oliy aviatsiyani takomillashtirish kurslarida aviatexnigi bo‘lgan.
1942-yilda uchuvchilarni boshlang‘ich tayyorgarlik 6-harbiy aviatsiya maktabi (Voronej sh.) va 1943-yilda Balashov harbiy aviatsiya uchuvchilar maktabini tugatgan. 5-zaxira aviatsiya polkida xizmat qilgan.
1944-yil yanvaridan 1945-yil maygacha, 62-shturm aviatsiya polkining 233-shturm aviatsiya diviziyasi uchuvchisi, katta uchuvchi, zveno komandiri bo‘lgan. G‘arbiy va 2-Belorusiya frontlarida jang qilgan. Il-2 shturm samolyotida 100 dan ortiq jangovar parvozlarni amalga oshirgan va dushmanning 10ta tankini, 69ta transport vositasini, 2ta tashish vositasini yakson qilgan va tirik kuchlariga katta zarar etkazgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 18-avgustidagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarni namunali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, katta leytenant Ishankulov Abdusattar Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Moskva viloyatining Lyubersi shahrida yashab, so‘ng Toshkentga qaytgan. 1997-yilning 2-dekabrida vafot etgan.