KURGANSKIY IVAN DANILOVICH
podpolkovnik, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (24.03.1945)
1908-yil 26-dekabrda Fayevka qishlog‘ida (hozirgi Ukraina Chernigov viloyati Novgorod-Severskiy tumani) tug‘ilgan. Toshkent davlat universitetining biologiya fakultetini tamomlagandan so‘ng, Toshkent qishloq xo‘jalik institutida dars bergan.
1939-yilda Kurganskiy zaxiradagi boshqaruv tarkibi malakasini oshirish kurslarini tugatadi. 1941-yildan Qizil Armiya safida xizmat qilgan. Ikkinchi jahon urushida 2-Boltiq fronti 10-gvardiya armiyasi 8-gvardiya o‘qchilar diviziyasi 19-gvardiya o‘qchilar polki komandiri bo‘lgan. Latviya SSR hududidagi va G‘arbiy, Shimoli-G‘arbiy, 2-Boltiq frontlaridagi janglarda qatnashgan.
1944-yilning 10-iyulidan 5-avgustigacha uning polki 300 km masofani jang bilan o‘tadi va ko‘plab aholi yashash punktlarini ozod qiladi, Ludza va Rezekne shaharlari uchun olib borilgan janglarda jonbozlik ko‘rsatadi. 1944-yilning 5-avgustida jangda halok bo‘ladi. Latviyaning Madona tumanidagi Barkava shahrida dafn etilgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 24-martdagi Farmoni bilan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, podpolkovnik Kurganskiy Ivan Danilovich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.