SOLOMATIN ALEKSANDR IVANOVICH

katta leytenant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (10.04.1945)

1922-yil 29-avgustda (Qozog‘istonning) Semipalatinsk shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. Rus. Toshkent shahrida yashab, ta’lim olgan. Maktabning 10-sinfini tamomlagan.
1941-yil iyul oyida Toshkent shahrining Frunze tumani harbiy komissarligi tomonidan Qizil Armiya safiga chaqirildi. 1941-yilda Toshkent harbiy piyodalar bilim yurtining tezkor tayyorlov kurslarini tamomladi. 1941-yil sentabr oyidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. 1942-yilda K.E.Voroshilov nomidagi Ryazan piyodalar bilim yurtini tamomlagan. 17-gvardiya mexanizatsiyalashgan brigadasi (1-Ukraina fronti, 4-armiya, 6-gvardiya mexanizatsiyalashgan korpusi) o‘qchilar rotasi komandiri katta leytenant A.I.Solomatin 1945-yil 25-yanvariga o‘tar kechasi birinchilar qatorida dushmanning shiddatli hujumi ostida Kyoben (hozirgi Polshaning Xobenya) qishlog‘i yaqinida Oder daryosini kechib o‘tdi. Rota narigi qirg‘oqdagi platsdarmni egallab oldi va uni 17-gvardiya mexanizatsiyalashgan brigadasining asosiy kuchlari yetib kelguniga qadar qo‘ldan boy bermadi.
Ushbu jangda desantchilar 60 ga yaqin dushman askar va ofitserlarini yakson qilib, 20 nafarini asirga oldi, 16 ta qo‘l pulemyotlarini qo‘lga kiritdilar.
Ertasi kuni, 1945-yil 26-yanvarda uning boshchiligidagi rota dushmanning sakkizta qarshi hujumini qaytardi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 10-apreldagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, gvardiya katta leytenanti Aleksandr Ivanovich Solomatin Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan (vafotidan so‘ng).
A.I.Solomatin 1945-yil 18-martda jangda vafot etdi. U Polshaning Nisa shahridan shimoli-g‘arbda joylashgan Radzikovitse qishlog‘ida dafn etilgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"QIZIL BAYROQ" ORDENI

"JASORATI UCHUN" MEDALI