SALIXOV GATAULLA SALIXOVICH

katta leytenant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (27.08.1943)

1924-yil 1-yanvarda Quyi Ura (hozirgi Tataristonning Arsk tumani) qishlog‘ida tug‘ilgan. U bolaligida Urganch shahrida yashagan va u yerda maktabning o‘ninchi sinfini tamomlagan. 1942-yil sentabrda Qizil Armiya safiga chaqirilgan. 1943-yilda esa, Toshkent piyodalar bilim yurtini tamomlagan. O‘sha yilning aprel oyidan Ikkinchi Jahon urushi qatnashchisi.
1943-yil iyul oyidan serjant Gataulla Salihov Bryansk fronti 63-armiya 129-o‘qchilar diviziyasi 518-o‘qchilar polkining bo‘linmasini boshqargan.
U Kursk jangida jonbozlik ko‘rsatgan. 1943-yil 12-iyulda Orlov viloyati Zalegoshenskiy tumani Vyaji qishlog‘i yaqinida dushman pozitsiyalariga hujum paytida, Salihov rota komandiri o‘rnini egallab rotani hujumga boshladi. O‘sha jangda u oyog‘idan yaralandi, biroq, jang qilishda davom etdi. Huddi shu hududda Setuxa qishlog‘i uchun jangda, Salihov shaxsan o‘zi fashist blindajini granata bilan portlatdi. Hammasi bo‘lib, bu janglarda u 40 dan ortiq dushman askari va ofitserlarini yo‘q qildi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1943 yil 27-avgustdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorat va qahramonligi uchun”, katta leytenant Gataulla Salixovich Salixov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Keyingi janglarda Salihov qattiq yaralandi va kontuziya oldi. 1944-yilning oktabr oyida “Otish” kurslarini tamomladi. 1945-yil sentabr oyida Salihov katta leytenant unvonida zaxiraga bo‘shatildi. Avval O‘rta Osiyoda, so‘ngra Moskvada yashab, faoliyat yuritgan.
U 2012-yil 16-fevralda vafot etgan, Moskvadagi Preobrajenskiy qabristoniga dafn etilgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"QIZIL YULDUZ" ORDENI