SKOROBOGATOV ANATOLIY MARKOVICH

gvardiya leytenanti, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (24.03.1945)

1906-yil 1-oktabrda Chija Pervaya (hozirgi Qozog‘iston Respublikasi G‘arbiy Qozog‘iston viloyatining Taskalin tumani) qishlog‘ida dehqon oilasida tug‘ilgan. O‘rta texnik ma’lumotga ega bo‘lgan. U haydovchi bo‘lib ishlagan.
1922-1928 yillarda, hamda 1941-yilda takroran O‘zbekiston SSR Toshkent shaxar harbiy komissarligi tomonidan Qizil Armiya safiga chaqirilgan. 1941-yilning noyabr oyidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. 1943-yilda Chelyabinsk tankchilar texnik bilim yurtini tamomlagan.
26-gvardiya alohida og‘ir tanklar polkining katta mexanik haydovchisi, gvardiya leytenanti Anatoliy Skorobogatov 1944-yil 21-iyunda Tammisuo temir yo‘l bekati uchun jangda jonbozlik ko‘rsatdi. Dushmanning mustahkam himoyalangan mudofaasini yorib o‘tish paytida, tankni mohirona boshqarib, ikkita tankka qarshi to‘p va minomyotni yo‘q qildi.
Jang paytida uning jangovar mashinasi qisman ishdan chiqqanida, gvardiya leytenanti Skorobogatov pulemyotdan o‘q otish natijasida dushmanning o‘nlab askarlari va ofitserlarini yo‘q qildi. So‘ngra, ekipaj tarkibida yetti soat davomida qurshovda jang qildi. Barcha o‘q-dorilar sarf qilinganidan so‘ng ham, tankchilar dushman yoqib yuborgan tankni tark etishmadi va qahramonlarcha halok bo‘lishdi.
Leningrad viloyati Viborg shahrida birodarlar qabristoniga dafn qilingan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 24-martdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, gvardiya leytenanti Skorobogatov Anatoliy Markovich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan (vafotidan so‘ng).
Viborgda, tankchilar qahramonlik ko‘rsatgan hududga yodgorlik lavhasi o‘rnatilgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"QIZIL YULDUZ" ORDENI