TURDIYEV (DURDIYEV) QO’CHQOR AXMEDOVICH
oddiy askar, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (27.03.1942)
1917-yil 1-sentabrda Andijon viloyati Qo‘rg‘ontepa tumanidagi Dardak qishlog‘ida tug‘ilgan. O‘zbek. Boshlang‘ich maktabni tamomlagach, jamoa xo‘jaligida ishlagan.
1940-yilda Qizil Armiya safiga chaqirilgan. 1941-yil sentabr oyidan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi.
1941-yil 15-oktabrda oddiy askar Qo‘chqor Turdiyev xizmat qilgan o‘qchi rotasi Ukrainaning Xarkov viloyati Krasnokut tumanidagi Trudolyubovka qishlog‘ida hujumga o‘tgan edi. Hujum yo‘nalishida dushman o‘q otish nuqtasidan o‘q otib rotaning xujumini to‘xtatib qo‘yadi. O‘qchi guruhga dushmanning o‘q otish nuqtasini yo‘q qilish buyuriladi. Bu vazifani bajarishda, Turdiyev dushman o‘q otish nuqtasiga orqa tomondan emaklab borib, qurolining qo‘ndog‘i bilan pulemyotdan o‘q otayotgan nemis ofitserini yo‘q qiladi. So‘ngra yana ikkita nemis askari bilan qo‘l jangiga kirishib, yana ikki nafarini asirga oladi va jangovar topshiriqni a’lo darajada bajarib hujumga o‘tgan o‘z rotasiga borib qo‘shiladi.
1942-yilda Turdiyev kichik leytenantlar kurslarini, 1943-yilda esa, Gomel harbiy piyoda maktabining tezkor kurslarini tamomlagan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1942 yil 27 martdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarni na’munali bajarganligi, ko’rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, oddiy askar Turdiev Qo‘chqor Axmedovich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
1989-yil 4-avgustda vafot etgan.