TIXOMOLOV BORIS ERMILOVICH

mayor, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (31.12.1942)

1913-yil 28-iyunda Bokuda tug‘ilgan, yetim. Bolalar uyida tarbiyalangan. matros Yermil Tixomolov oilasi tomonidan asrab olingan. 1918-yilda Tixomolov oilasi Bokuni tark etgan, Rossiya shaharlarini kezib, Toshkentga kelib joylashgan.
1933-yilda Balashovda, Fuqaroviy Havo flotining Uchinchi Birlashgan Uchuvchilar va aviatexniklar maktabini tamomlagan. Toshkentda Fuqaro aviatsiya floti aviakorxonasining uchuvchisi bo‘lgan. Havo orqali yo‘lovchilar, yuk va jo‘natmalarni tashigan.
750-chi aviatsiya polkining (uzoq masofalarda harakatlanadigan aviatsiyasining 17-aviatsiya diviziyasi) uchuvchisi kapitan Boris Tixomolov 1942-yil avgustga qadar dushmanning front ortiga harbiy-sanoat markazlarini va muhim ob’ektlarini bombardimon qilish uchun 25 marotaba jangovar parvozni amalga oshirgan.
Dushmanning Smolensk, Orsha, Vitebsk, Bryansk, Xarkov, Kursk, Voronej, shuningdek, Germaniyaning Berlin va Konigsbergdagi sanoat ob’ektlariga, aerodromlariga, temir yo‘l tarmoqlariga, eshelonlariga, qo‘shinlarining jamlangan joylariga, tungi bomba zarbalarini amalga oshirgan.
1943-yil noyabr-dekabr oylarida, gvardiya mayori B.E.Tixomolov boshqa ekipajlar bilan birgalikda, gitlerchilarga qarshi koalitsiya hukumat rahbarlarining Tehron anjumaniga (1943-yil 28-noyabrdan 1-dekabrgacha) xizmat ko‘rsatgan. 1945-yil 16-aprelda Berlin operatsiyasida ishtirok etgan. B.E.Tixomolov jami urush davomida 212 marotaba jangovar parvozni amalga oshirgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1942-yil 22-dekabrdagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashish mobaynida qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, mayor Boris Yermilovich Tixomolov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Toshkent shahrida yashagan. 1991-yil 17-dekabrda vafot etgan. Toshkentdagi qahramonlar xiyoboniga dafn etilgan.

"SOVET ITTIFOQI QAHRAMONI" UNVONI

"LENIN" ORDENI

"QIZIL BAYROQ" ORDENI

"1-DARAJALI VATAN URUSHI" ORDENI