SAPUNKOV BORIS PETROVICH
leytenant, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (27.02.1945)
1917-yil 3-yanvarda Samara shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan. Rus. O‘rta maktabning 7 sinfini tamomlagan. O‘zbekiston poytaxti Toshkent shahridagi “Selxozmash” zavodida frezirovkachi bo‘lib ishlagan.
1938-yilda O‘zbekiston SSR Toshkent shahar harbiy komissarligi tomonidan Qizil Armiya safiga chaqirildi. 1941-yildan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi. 1944-yilda Xarkov tankchilar bilim yurtini tamomlagan. 95-tankchilar brigadasining (1-Belorussiya fronti, 33-armiya, 9-tank korpusi) 3-tankchilar batalyonining T-34 rusumli tank komandiri.
1945-yilning 16-yanvar kuni Polsha hududidagi Sidlovek, Opochno qishloqlarida tungi qidiruvda bo‘lgan payt, chekinayotgan fashist bosqinchilarining kolonnasi bilan jangga kiradi va dushmanning o‘ngga yaqin tanki va hujumga o‘tuvchi to‘plarini yo‘q qiladi. O‘z boshqaruvidagi tank ekipaji bilan Varta daryosini kechib o‘tib, mudofaaga o‘tadi va 95-tank brigadasining ilg‘or bo‘linmalari Varta daryosini kechib o‘tishlarini ta’minlaydi.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 27-fevraldagi Farmoni bilan “Fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini namunali bajarganligi, hamda ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, leytenant Sapunkov Boris Petrovich Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Urushdan keyin armiyada xizmatini davom ettirdi. 1949-yilda ofitserlar malakasini oshirish kurslarini tamomlagan. 1957-yilda mayor Sapunkov B.P. zaxiraga bo‘shatilgan. U Ukrainaning Ivano-Frankovsk viloyati Kalush shahrida yashagan va faoliyat yuritgan. 1981-yil 14-avgustda vafot etgan.