PLESHAKOV ALEKSANDR YAKOVLEVICH
gvardiya leytenanti, Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi, Sovet Ittifoqi Qahramoni (23.02.1945)
1922-yil 21-iyunda Mumariy qishlog‘ida (hozirgi Penza viloyatining Narovchatskiy tumani) tug‘ilgan. Armiyaga chaqirilgunga qadar Toshkentda yashab, maktabning 7-sinfini tamomlagan. 1940-yilda Pleshakov Qizil Armiya safiga xizmatga chaqirilgan. 1943-yilda Chkalov nomidagi harbiy aviatsiya uchuvchilar maktabini tamomlagan. O‘sha yilning iyul oyidan Ikkinchi jahon urushida qatnashgan.
1944-yil oktabrga qadar 2-Belorussiya frontining 4-havo armiyasi 230-havo hujumi diviziyasi 7-gvardiya hujum aviatsiya polkining katta uchuvchisi bo‘lgan. Bu vaqtgacha 108 ta jangovar parvozni amalga oshirib, dushmanning harbiy texnika va tirik kuchlariga, hamda muhim ob’yektlariga hujum qilib katta talafotlar yetkazgan.
SSSR Oliy Kengashi Prezidiumining 1945-yil 23-fevraldagi Farmoniga binoan “Frontda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi kurashda qo‘mondonlikning jangovar topshiriqlarini na’munali bajarganligi, ko‘rsatgan jasorati va qahramonligi uchun”, gvardiya leytenanti Aleksandr Yakovlevich Pleshakov Sovet Ittifoqi Qahramoni unvoni bilan taqdirlangan.
Tulada yashagan va faoliyat yuritgan. 2001-yil 4-dekabrda vafot etgan.